Toshkent-O`sh avtomobil yo`lining Qamchiq dovonidan o`tgan qismida Isuzu yuk mashinasi ag`darilib ketdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 24 noyabr kuni soat 04:35 larda Vodiy—Toshkent yo`nalishida harakatlangan Isuzu yuk mashinasi haydovchisi boshqaruvni yo`qotib, yo`l o`rtasidagi temir to`siqga urilgan va ag`darilib qolgan. Hodisa oqibatida haydovchi yuk mashina saloni ichida qisilib qolgan.
Voqea joyiga FVVning "Qamchiq" maxsus qidiruv, yong`in-qutqaruv boshqarmasi qutqaruvchilari, YPX, tez tibbiy yordam hamda avtoyo`l xodimlari etib borgan.
YPX xodimlari tomonidan harakat xavfsizligi ta`minlangan. Qutqaruvchilar maxsus gidravlik asbob-anjomlar yordamida qisilib qolgan haydovchini yuk mashina ichidan chiqarib olgan va birinchchi tibbiy hamda psixologik yordam ko`rsatish maqsadida tez tibbiy yordam xodimlariga topshirgan. Avtoyo`l xodimlari bilan hamkorlikda yuk mashinasi maxsus kran yordamida xavfsiz hududga transportirovka qilish ishlari amalga oshirilgan.






