"O`zyo`linspeksiya"ning sinov laboratoriya boshqarmasi mas`ullariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, "O`zyo`linspeksiya"ning Yo`l-qurilish materiallari sifatini nazorat qilish va yo`l sinov laboratoriya boshqarmasi tomonidan 2021 yilning fevral oyida Andijon viloyatining Xonobod shahridagi 4H-1071 "Xonobod-Turkobod" avtomobil yo`lining 0-7 km. qismida yotqizilgan asfaltbeton qatlamlarining qalinligi tekshirilgan hamda loyiha va me`yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligi to`g`risida xulosa qilingan.
Biroq, joriy yilda mutasaddi idoralar tomonidan mazkur yo`ldagi asfaltbeton qatlamining qalinligi qayta o`rganilib, nazorat o`lchovi o`tkazish davomida ob`ektning asfaltbeton qoplamasidan olingan 73 ta namunalarning qalinligi loyiha va me`yoriy hujjatlar talablariga mos emasligi, qoplama qalinligi kam ekanligi aniqlangan.
Bosh pudratchi tomonidan yo`l qoplamasining qatlamlar qalinligi me`yordan kam yotqizilganligi oqibatida jami 86 728 AQSh dollari miqdoridagi ish hajmi qo`shib yozilganligi ma`lum bo`lgan va tekshirish davomida ushbu qo`shib yozilgan ish hajmlari to`liq bartaraf etilgan.
"O`zyo`linspeksiya"ning Yo`l-qurilish materiallari sifatini nazorat qilish va yo`l sinov laboratoriya boshqarmasi mas`ul xodimlari yotqizilgan asfaltbeton qatlamining qalinligi loyiha va me`yoriy hujjatlar talablariga mos bo`lmasada, 2021 yilda ijobiy xulosa berib, davlat manfaatlariga juda ko`p miqdorda zarar etkazishgan.
Mazkur holatda «O`zyo`linspeksiya»ning Yo`l-qurilish materiallari sifatini nazorat qilish va yo`l sinov laboratoriya boshqarmasi mas`ul xodimlari va boshqalarning harakatlarida hokimiyat va mansab vakolatini suiiste`mol qilish hamda mansab soxtakorligida ifodalangan jinoyat alomatlari mavjudligini inobatga olib, Transport prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 205 va 209-moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.






