Ijtimoiy tarmoqlarda 2 nafar noma`lum erkak ayolni kuch ishlatib avtomashinaga o`tkazib olib ketgani aks etgan video tarqalgani haqida xabar bergan edik.
Holat yuzasidan shahar IIBB rasmiy munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, hodisa joriy yilning 24 noyabr kuni Uchtepa tumani 22-mavzesidagi ko`p qavatli uylar oldida sodir bo`lgan. 1992 yilda tug`ilgan D.Sh. otasi 1963 yilda tug`ilgan X.M. bilan birga davlat raqami 70 R 300 SA bo`lgan Tracker rusumli avtomashinasiga turmush o`rtog`i 2000 yilda tug`ilgan M.A.ni o`tkazib noma`lum tomonga olib ketgan. Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida M.A. qonuniy turmush o`rtog`i bilan oilaviy kelishmovchiligi sababli 1 nafar farzandini turmush o`rtog`ida qoldirib uydan chiqib Toshkent shahriga ketib qolganligi, uni turmush o`rtog`i D.Sh. qidirib, yuqoridagi manzildan topganligi hamda Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi o`zining uyiga olib borganligi aniqlangan.
“Hozirda M.A. oila davrasida sog`-salomat ekanligini ma`lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o`tkazilmoqda. M.A. va uning oilasi xotin-qizlar masalalari bo`yicha inspektorlari tomonidan to`liq o`rganilmoqda. Tekshiruv yakuni bo`yicha aybdor shaxslarga qonuniy qaror qabul qilinishi ta`minlanadi.