Ijtimoiy tarmoqlarda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan tadbirda Buxoro muhandislik-texnologiya institutida faoliyat yuritib kelayotgan yashirin sex aniqlangani hamda ushbu hududni Davlat tomonidan grant loyihasi uchun ajratilgan xona deb yashirib kelishgani haqida xabarlar tarqaldi.
Xabarda "Bu hududni davlat tomonidan Grant loyihasi uchun ajratilgan xona deb yashirib kelishgan. Startap loyihasi uchun 313,2 million so`m va Grant uchun ajratilgan 1 milliard so`m haqida ham aytvoringlar, haqiqatni bilaylik!" deyilgan.
Mazkur holat yuzasidan Innovasion rivojlanish vazirligi quyidagilarni ma`lum qildi:
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti tomonidan amalga oshirilgan "Qandli diabet bilan kasallangan bemorlar uchun profilaktik poyabzalning samarali texnologiyasini yaratish va konstruksiyasini ishlab chiqish" innovasion loyihasi 2020 yil aprel oyidan 2022 yilning aprel oyigacha amalga oshirilgan. Loyiha innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan 1 mlrd so`m miqdorida moliyalashtirilgan. Loyiha rahbari pedagogika fanlari nomzodi, dosent Uzoqova Laylo Polvonovna boshchiligidagi ilmiy jamoa qandli diabet bilan kasallangan bemorlarning oyoq panjasi tekislikdagi bosimni o`lchash uchun maxsus podografik platforma qurilmasini, Poyabzalning samarali konstruksiyasi va texnologik reglamentini ishlab chiqqan.
Ishlab chiqilgan poyabzal qandli diabet bilan kasallangan bemorda qo`llanilganda, oyoq panjasi bosimining taqsimlanishi hisobiga oyoq panjasida kelib chiqadigan har xil yara va patologik o`zgarishlarni oldini olishi va mavjud yallig`lanishlarning kamayishi aniqlangan.
25.11.2022 10:53
Innovasion rivojlanish vazirligi Buxorodagi yashirin "sex" haqida ma`lumot berdi
