Sal avval bugun Andijonda avtobus va yuk mashinasi ishtirokida ayanchli YTH sodir bo`lgani haqida xabar bergan edik. Ushbu avtohalokat yuzasidan SSV qo`shimcha ma`lumot taqdim etdi.
Ma`lumotda aytilishicha, Andijondagi yirik yo`l-transport hodisasi oqibatida jabrlanganlar vazirlik nazoratiga olingan.
Shuningdek, Sog`liqni saqlash vazirligi hududiy boshqarmasi ma`lumotiga ko`ra, to`qnashuv natijasida jami 41 nafar fuqaro jarohat olgan, shulardan 3 nafari voqea joyida vafot etgan.
38 nafar yo`lovchi turli xil jarohatlar bilan Bo`ston tuman tibbiyot birlashmasi shifoxonasiga olib kelingan. Ularning holati zudlik bilan Sog`liqni saqlash vazirligi nazoratiga olingan.
Xabarga ko`ra, bemorlardan 3 nafarida ushbu ixtisoslashgan brigadalar tomonidan jarrohlik amaliyoti bajarilgan. Barcha jabrlanganlar birlamchi tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, jarohat og`irligiga ko`ra, Bo`stondan Shahrixondagi qo`shma shikastlanishlar markaziga 17 nafari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga 10 nafari "Tez yordam" mashinalari orqali etkazilgan.
Ayni paytda ularga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori D.To`laganov boshchiligida voqea joyiga tezkor etib borgan brigadalar tomonidan tegishli davolash standartlari asosida chuqurlashtirilgan tibbiy yordam ko`rsatilmoqda.
Hozir Bo`ston tumani shoshilinch tibbiy yordam bo`limida 11 nafar bemor davolanayotgan bo`lib, ulardan 3 nafarida jarrohlik operasiyalari o`tkazildi, deyiladi xabarda.