Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Buxoro aeroport chegara bojxona posti xodimlari tomonidan yurtimiz hududiga qurol olib kirishga uringan shaxs to`xtatib qolindi. Bu haqda O`zA yozmoqda.
Unda “Sheremetevo-Buxoro” yo`nalishidagi aviareys orqali uchib kelgan fuqaro “yashil” yo`lak orqali harakatlanish chog`ida o`zining xatti-harakatlari bilan bojxona xodimlarida shubha uyg`otadi. Shundan so`ng, mazkur fuqaroning qo`l yuklari hamda kuzatib borilayotgan bagaji, rentgen apparati orqali bojxona nazoratidan o`tkaziladi.
Natijada yo`lovchi bojxona deklarasiyasida yozib ko`rsatilmagan va og`zaki so`rovda ma`lum qilmagan “QUATTRO Trigger MOD 85” rusumli, 4,5 mm. kalibrli fuqaroviy pnevmatik ov quroli va prujina-porshenli vintovka borligi ma`lum bo`ldi.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Ma`lumot uchun, birgina Buxoro aeroporti chegara bojxona posti xodimlari tomonidan joriy yilning o`tgan davrida 4 ta holatda qurol olib kirishga bo`lgan urinishga chek qo`yilgan.






