AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda 3 kunlik firma 2,6 mlrd so`mlik tenderni noqonuniy yutgani aniqlandi

'Qashqadaryoda 3 kunlik firma 2,6 mlrd so`mlik tenderni noqonuniy yutgani aniqlandi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Qashqadaryoda 3 kunlik firma jami 2.601.000.000 so`mlik issiqxonalar o`rnatishni yutib oldi” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi. Holatga Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi munosabat bildirdi. 

Ma`lum qilinishicha, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan etender.uzex.uz maxsus elektron portalidagi 12 ta lot bo`yicha 12 ta tumanda jami 289 ta 2601,0 mln. so`mlik engil konstruksiyali issiqxonalar o`rnatish bo`yicha o`tkazilgan tanlov natijalari yuzasidan o`rganish ishlari olib borildi.

O`rganish natijasida buyurtmachi tomonidan savdolarning qonunchilikda belgilangan tartibini buzish va savdolarning bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish orqali qonun buzilishlariga yo`l qo`yilganlik alomatlari aniqlandi.
Xususan, “NXS STROYBADMETALL” MChJva «TURNOVERPRISE» MChJ tomonidan kerakli xujjatlar (issiqxona qurish bo`yicha ish tajribasi, qurilishda ishlatiladigan materiallar ro`yxati) taqdim qilinmagan bo`lsada ularga asossiz yuqori ballar berilganligi ma`lum bo`ldi.
Bundan tashqari, buyurtmachi tomonidan o`tkazilgan tanlovlarda xarid komissiyasi a`zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo`lmagan holda qonunchilikka zid ravishda qaror qabul qilingan.

Yuqoridagilarga asosan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2022 yil 10 noyabrda ish qo`zg`atilib, O`zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to`g`risida”gi va “Raqobat to`g`risida”gi Qonun talablari buzilgan deb topildi va tanlov savdolarining qarorlarini bekor qilish va qonunchilikda belgilangan tartibda qayta tanlov o`tkazish bo`yicha ko`rsatma berilgan edi. Bugungi kunda qarorlar bekor qilindi va qayta tanlov o`tkaziladi. Shu bilan birgalikda, qonunbuzilish holatlariga yo`l qo`ygan mansabdor shaxslarga nisbatan ma`muriy javobgarlik choralari ko`rilayotganligi ma`lum qilinadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar