1

2023 yilda BMT Butunjahon Turizm Tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi Samarqandda o`tkaziladi

Jamiyat 01.12.2022, 13:10
2023 yilda BMT Butunjahon Turizm Tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi Samarqandda o`tkaziladi

Bu haqda ayni kunlarda Toshkent shahrida bo`lib o`tayotgan “Ipak yo`lida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida Bosh vazir o`rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ma`lum qildi. 

"Faxr bilan ta`kidlashimiz mumkinki, O`zbekiston bugun butun dunyo diqqat markazida. Yaqindagina Samarqandda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sammiti va Turkiy Davlatlar Tashkilotining  IX sammiti kabi yirik xalqaro darajadagi tadbirlar bo`lib o`tdi. 

2023 yilning kuz faslida esa UNWTO tarixida birinchi marta BMT Butunjahon Turizm Tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi bo`lib o`tishi kutilmoqda. O`tgan yili Ispaniyada bo`lib o`tgan 24-sessiya doirasida UNWTOga a`zo davlatlar turizm idoralari rahbarlari orasida o`tkazilgan ovozga qo`yish jarayonida O`zbekiston Portugaliyani ortda qoldirib, ushbu tadbirning yubiley marosimini Samarqand shahrida o`tkazishga qaror qilindi. 

UNWTO Bosh assambleyasi yubiley sessiyasining qadimiy va navqiron Samarqandda o`tkazilishi mingdan ziyod xorijiy mehmonlarni jalb qilini tabiiy, bu esa mahalliy xalq va hunarmandlarning daromadini oshirish barobarida milliy iqtisodiyotimiz rivojiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. 

Bundan tashqari, yuksak darajadagi ushbu tadbirning o`tkazilishi butun jahon ommaviy axborot vositalari e`tiborini O`zbekistonga qaratadi. Bu esa mamlakatimiz turizm salohiyatini yanada keng targ`ib qilish hamda O`zbekistonga keluvchi sayyohlar oqimini oshirish imkonini berishi shubhasiz. 

Diqqatga sazovor yutuqlarimizdan yana biri shuki, Qo`qon - 2022 yil turkiy dunyo turizm poytaxti, Samarqand – 2023 yilgi jahon turizm poytaxti va Xiva – 2024 yil islom olami turizm poytaxti deya e`lon qilingan va bu O`zbekistonda yashovchi har bir fuqaroga g`urur bag`ishlaydi. 

Bularning barchasi O`zbekistonning jahon hamjamiyati tomonidan tobora ko`proq tan olinayotgani va Buyuk Ipak Yo`lida o`z mavqeini mustahkamlab borayotganidan dalolat beradi", - dedi Abduhakimov.

Ma`lumot uchun: “O`zekspomarkaz” pavilonlarida “Ipak yo`lida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi 2 dekabrga qadar davom etadi. 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1