Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Shaxrisabzda o`tkazilgan tadbirda o`quvchilarning yupun kiyingan holda tushgan fotosi keng muhokamalarga sabab bo`lgan edi.
Eslatib o`tamiz, mazkur holat Shahrisabz shahar Yoshlar ishlari agentligi va sektor rahbarlari Yoshlar daftarida turganlarga navbatdagi subsidiya asosida mehnat qurollarini va to`lovlar uchun sertifikatlar topshirish marosimidan olingan surat bo`lgan.
Shahrisabz shahar hokimligi Matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, tadbirga o`quvchilarni olib chiqish ko`zda tutilmagan. Shunday bo`lsada, 2-son Bolalar musiqa va san`at maktabi qoshida tashkil etilgan “Tumorcha” raqs to`garagi rahbari va ota onalarining o`zlari taklifi bilan chiqishgan. Bu guruh ”besh tashabbus” doirasida shahar bosqichidan birinchi o`rinni olib, viloyat bosqichida ham 29 noyabr kuni ishtirok etib kelishgan. Guruh rahbari va ota-onalar tanlovda yaxshi baholangan raqslarini namoyish etishni va ularning bu yutuqlarini tashkilotchilar tamonidan e`tirof etilishini istashgan.
Qayd etilishicha, shahar sektor rahbarlari tomonidan musobaqa va tanlovlarda yaxshi o`rinlarni olgan yoshlarni tadbirlarda e`tirof etib borish an`ana tusiga aylanib qolgan. Shu sababli tadbir tashkilotchilari taklifni ma`qullab, ularga ham imkoniyat berishgan.
" Ular ota-onalari bilan gulxan atrofida birga issiq kiyimlarda o`tirishgan. (Bu holat rasm va videoda ham aks etgan) Faqatgina davrada uynashda va taqdirlash jarayonida rasmga olish uchun qisqa vaqtda raqs kiyimida bo`lishgan xalos. Bu erda tashkilotchilarni oqlashdan yiroqmiz, faqat tadbirga raqs to`garagi qizlarini ustozi va ota onalari tashabbusiga ko`ra yutuqlarini baham ko`rish uchun kelishganini anglashimiz zarur.
Eslatib o`tamiz, tadbirning asosiy maqsadi “Yoshlar daftari”ga ro`yxatga olingan yoshlarga subsidiya va mehnat qurollarini topshirishdan iborat bo`lgan. Tadbir 17.30 da boshlanib yoshlarning xohishiga ko`ra gulxan atrofida ko`ngilochar dasturga ulanib ketgan va kech soat 19.30 da tugagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda yosh qizlarni yupun kiyimda tadbirga majburan jalb etilganligini bildirgan holda bilib bilmasdan, haqoratomuz so`zlar bilan munosabat bildirilmoqda.
Xulosa o`rnida shuni aytish kerakki, mazkur holat yuzasidan shahar hokimligida yig`ilish o`tkazilib, yoshlar tadbirini tashkil etishda e`tiborsizlik qilgan mas`ullarga choralar ko`rildi va kamchiliklari ko`rsatib o`tildi. Barchadan uzr so`ragan holda, jamoatchilikni keskin tanqidiga olib keladigan bunday holatlarga boshqa yo`l qo`ymasligimizni ma`lum qilamiz va bu tadbir biz uchun achchiq saboq bo`ldi", - deyiladi hokimlik bayonotida.






