AsosiyJamiyat

Andijondagi ayrim gaz "zapravkalar" ruxsatnoma olinmasdan faoliyat yuritayotganligi aniqlandi

'Andijondagi ayrim gaz "zapravkalar" ruxsatnoma olinmasdan faoliyat yuritayotganligi aniqlandi'ning rasmi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan aholi kayfiyatiga bevosita ta`sir ko`rsatuvchi eng dolzarb muammolar bo`yicha Andijon viloyatida o`rganishlar o`tkazildi. Bu haqda agentlik Axborot xizmati xabar berdi.

Xususan,  viloyatda ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilingan hamda aholining keskin muhokamalariga sabab bo`lgan avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchalari (ASGQSh) qurilishlarining shaharsozlik norma va qoidalariga zid ravishda amalga oshirilayotganligi, shuningdek, mazkur yo`nalishda faoliyat ko`rsatuvchi ba`zi tadbirkorlar tomonidan gazni asossiz past narxlarda sotilayotganligi bilan bog`liq e`lon qilingan ma`lumotlar tahliliga asosan ushbu yo`nalishda davlat xizmatlari ko`rsatilishidagi mavjud korrupsiyaviy omillar o`rganildi.

Ma`lum bo`lishicha, viloyatda 2022 yil davomida tuman (shahar) qurilish bo`limlari tomonidan obektlarning ixtisosligini o`zgartirib, ASGQSh qurishga ruxsatnoma olish bo`yicha kelib tushgan arizalarning 24 tasiga ruxsat berilgan.  

Shuningdek, “O`zneftgazinspeksiya” viloyat bo`limi tomonidan joriy yil mobaynida avtomobillarga siqilgan gaz quyish faoliyati bilan shug`ullanish uchun tadbirkorlarga 24 ta lisenziya taqdim etilgan.

O`rganishlar davomida ushbu yo`nalishda faoliyat ko`rsatuvchi shoxobchalar qurilishida qurilishga ruxsat berish, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va kelishish jarayonlarida tadbirkorlar tomonidan ayrim qonunbuzilish holatlariga yo`l qo`yilganligi ma`lum bo`lgan.

Jumladan, 4 ta holatda ishlab chiqilgan loyiha hujjatlari shaharsozlik to`g`risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o`tkazilmaganligi, 5 ta holatda qurilish jarayonlari boshlanganligi to`g`risida hududiy nazorat Inspeksiyalari xabardor qilinmasdan, qurilish-montaj ishlari tugallangan obektdan foydalanish uchun ruxsatnoma olinmasdan hamda 8 ta holatda qurilish-montaj ishlari tugallangan ob`ektdan foydalanish uchun ruxsatnoma olinmasdan aholiga xizmat qilib kelayotganligi aniqlangan.  

Xususan, “A.E.M.” MChJ tomonidan Baliqchi tumani “Botir”, “Tumor” MFYda, Oltinko`l tumani “Ittifoq” MFYda, “Q.G.L.” MChJ tomonidan Andijon tumani “Jannatmakon” MFYda, Asaka tumani “Chek” MFYda, Qorasuv shaharchasida, “BNQ.G.L.” MChJ tomonidan Asaka tumani “Yuqoribo`z” MFYda, Qo`rg`ontepa tumani “Nurli yog`du” MFYda, “R.G.S.” MChJ tomonidan Ulug`nor tumani “Mingbuloq” MFYda hamda “R.M.G.” MChJ tomonidan Jalaquduq tumani “O`roqchitepa” MFYda qurilib, faoliyat ko`rsatib kelayotgan ASGQShlarda shu kabi qonunbuzilish holatlari mavjud.  

O`rganish natijalariga asosan Agentlik tomonidan “O`zneftgazinspeksiya”ga Ishchi guruh tuzgan holda Andijon viloyatida 2022 yil davomida ASGQSh faoliyati uchun berilgan lisenziyalar bo`yicha lisenziatlarning lisenziya talablari va shartlariga rioya etayotganligi ustidan belgilangan tartibda joyiga chiqqan holda tekshirish o`tkazish yuzasidan so`rovnoma yuborildi.

Shuningdek, o`rganish mobaynida to`plangan hujjatlar mas`ul shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish uchun O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborildi.

 

    Boshqa yangiliklar