Qanday turdagi avtotransport vositalariga avtobuslar yo`lakchasida harakatlanishga ruxsat etiladi? Mazkur savolga IIV Jamoat xavfsizligi depertamenti yo`l-harakat xavfsizligi boshqarma boshlig`i Fazliddin Toshkenboev javob berdi.
Ma`lum qilinishicha, poytaxtda avtobuslar uchun chizilayotgan yo`lakchalar jamoat transportlarining tirbandlikda qolmasligi uchun zarur.
Ushbu yo`lakchalarda avtobuslardan tashqari faqatgina tez yordam, yong`in xavfsizligi va IIV avtomobillari harakatlanishi mumkin.
Qolgan avtotransport vositalariga esa harakatlanish taqiqlanadi va bu tegishli javobgarlikka sabab bo`ladi. Ammo har qanday avtomobilga ma`lum sababga ko`ra, masalan, yo`l yoqasidagi ob`ektlarga yoki ko`chaga kirish uchun ushbu yo`lakda foydalanishga ruxsat etiladi.
Buning uchun yo`lakchalarda uziq chiziqlar mavjud bo`lib, taxminan 40-50 metr masofa belgilanadi. Ko`cha yoki ob`ekt boshlangan joyda ushbu uziq chiziqlarning ta`sir doirasi tugaydi va avtomobillar avtobuslar uchun mo`ljallangan yo`lakchani bo`shatib qo`yishlari talab etiladi.
Eslatib o`tamiz, hozirgi kunda Toshkent shahrining markaziy ko`chalari bo`ylab 475 kmga yaqin 34ta alohida avtobus yo`laklarini tashkil etish rejalashtirilgan. Yaqin bir hafta ichida asosiy — Alisher Navoiy, Beruniy, Amir Temur va Farg`ona yo`li ko`chalari bo`ylab yo`lakchalar tashkil etiladi. Qolgan ko`chalarda esa 1-2 oy ichida to`liq tashkil etiladi.






