O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qozog`iston prezidenti Qasim-Jomart Toqaev "Chevrolet Onix" avtomobillarini kichik hajmdagi yig`ish usuli bilan ishlab chiqarish loyihasi bo`lgan qo`shma ob`ektlar qurilishini yo`lga qo`ydi. Loyihani ishga tushirish marosimi Qozog`iston prezidenti Qasim-Jomart Toqaevning O`zbekistonga davlat tashrifi doirasida tantanali ravishda telemost formatida bo`lib o`tdi. Bu haqda UzAuto Motors matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qozog`istonda "Chevrolet Onix" avtomobillarini ishlab chiqarish loyihasi yiliga 30 000 dona mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradigan Allur avtomobil zavodi quvvatlarida amalga oshiriladi. Shavkat Mirziyoev va Qosim-Jomart Toqaev o`z navbatida qo`shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilishini tilab, ob`ektlar qurilishiga start berishdi.
Bu ikki davlatning yirik mashinasozlari o`rtasidagi o`zaro yaqindan hamkorligining birinchi yili emas, bir necha yillardan buyon yaqindan hamkorlikning natijasida ular nafaqat o`z malakalarini oshirib, balki O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi sanoat kooperasiyasini ham kengaytirishmoqda. Birgalikda rivojlanishning navbatdagi bosqichi o`zaro manfaatli hamkorlikning mustahkam poydevorini yaratgan ishonch va hamkorlikning tabiiy natijasi bo`ldi.
Avvalroq, UzAuto O`zbekiston-Qozog`iston mintaqalararo biznes-forumi doirasida 570 million AQSh dollarlik sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy shartnomalar, jumladan, ushbu loyihani moliyalashtirish bo`yicha kelishuv imzolagandi.






