Dekabr oyida noqulay ob-havo sharoiti tufayli havo kemalari 58 marta boshqa aeroportlarga majburiy ravishda yo`naltirilgan. Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda "Uzbekistan Airways" AJ axborot xizmati rahbari Kamola Ikromova ma`lum qildi.
Ta`kidlanishicha, aviaqatnovlar "Uzbekistan Airways" tomonidan kechiktirilgan yoki bekor qilingan hollarda yo`lovchilarga 2 soatdan ortiq bo`lgan kutish vaqtida suv, 4 soatdan 6 soatgacha bo`lgan kutish jarayonida issiq taom taqdim etiladi. Agar kutish vaqti kunduzi 12 soatdan, kechasi 6 soatdan oshsa, yo`lovchilar mehmonxona hamda issiq ovqat bilan ta`minlanadi.
Noqulay ob-havo sharoiti sababli aviaqatnovlar kechiktirilgan yoki bekor qilingan hollarda esa yo`lovchilar aviachiptalarning to`liq qiymatini chipta sotib olingan joyda qaytarib olishlari yoki boshqa sanaga bepul qayta bronlash xuquqiga ega.
Ma`lmot berilishicha, O`zbekiston hududida amalga oshiralayotgan reyslarning uchib kelish terminali turli sabablarga ko`ra o`zgarsa, yo`lovchilar aviakompaniya tomonidan o`z manzillariga er transporti orqali etkazib qo`yiladi. Agar bu jarayon amalga oshirilmasa, yo`lovchilarga aviakompaniya tomonidan aviachipta tarif turi va etib borish manzilidan kelib chiqqan xolda 25% miqdorida kompensasiya to`lanadi.
Xorijiy mamlakatlardagi qo`nish terminali o`zgargan hollarda aviakompaniya yo`lovchilarni o`z manzillariga etkazib qo`yishga javobgar hisoblanadi.






