Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida 2 yanvar kuni bozordagi sotuvchilar janjal chiqardi. Holat yuzasidan viloyat IIB rasmiy munosabat bildirdi.
Mazkur holat Qamashi tumanining “Alisher Navoiy” MFY hududidagi “Fayz” dehqon bozori atrofida soat 10:30 larda sodir bo`lgan. Tuman hokimining o`rinbosari M.N. va bozor rahbari A.A.lar hududda obodonlashtirish ishlarini olib borish hamda bozor atrofiga beton ariq o`rnatish maqsadida Obodonlashtirish bo`limiga qarashli ekskavator mashinasini ishlatayotgan vaqtida bozorda savdo ishlari bilan shug`ullanuvchi Q.S., B.N., T.Z. va I.A. hech bir sababsiz janjal chiqargan.
Janjal vaqtida fuqarolar T.Z. va B.N. qo`llari bilan hokim o`rinbosari M.N.ni qasddan bir necha marotaba urib, ekskavator mashinasi oynasiga tosh otib sindirgan. Bundan tashqari, “Fayz” MChJ rahbari A.A.ga tegishli Nexia-2 rusumli avtomashinaga zarar etkazib, fuqarolarni faol qarshilik ko`rsatishga jalb qilgan.
Voqea joyiga Qamashi tuman IIB xodimlari chiqib, fuqarolarni tinchlantirib, jamoat tartibi saqlashga erishgan.
Hozirda holat bo`yicha Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






