Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida 36 yoshli ayol 37 yoshli jazmani tomonidan urib o`ldirildi. Bu haqda “Daryo” xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, 1987 yilda viloyatning Yakkabog` tumanida tug`ilgan ayol S.S. 2023 yil 1 yanvar kuni soat 19:00 larda Shahrisabz tumanining Tepar qishlog`ida yashovchi tanishi X.S. bilan ishqiy munosabatga kirishish uchun boshqaruvidagi Lacetti’da ochiq dala maydoniga borgan.
Mazkur dala maydoniga borgan 36 yoshli ayol va 37 yoshli erkak o`zaro og`zaki tortishib qolgan. Shunda ayol tanishining g`ururiga teguvchi so`zlar aytib, uni haqorat qilgan. S.X. esa bunga chidolmay tanishini qo`li bilan urib, og`ir tan jarohati etkazgan.
Aytilishicha, erkak tanish ayolni urib, unga og`ir tan jarohati etkazgach, yalong`och holda hovlisining yoniga olib borib tashlagan.
Erkak tanish ayolini og`ir ahvolda yashash uyi darvozasining oldiga tashlab ketgach, ayolning voyaga etmagan o`g`li 2009 yilda tug`ilgan L.A. onasini ko`rib qolib, qo`shnilarini yordamga chaqirgan.
2023 yil 2 yanvar kuni soat 03:00 larda ayol bosh miya yopiq jarohati, bosh miyaning og`ir darajada lat eyishi, bosh miyaning 4-darajali komasi, tananing ko`plab sohalarida yumshoq to`qimalari ezilishi kabi tan jarohatlari bilan tez yordam avtomashinasida Shahrisabz tuman tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo`limiga olib kelingan. Shifokorlar tomonidan ko`rsatilgan tibbiy muolajaga qaramasdan shifoxonada vafot etgan.
Qo`shimcha qilinishicha, mazkur holat yuzasidan 2023 yil 2 yanvar kuni Shahrisabz tumani IIB Tergov bo`limi tomonidan S.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan badanga og`ir shikast etkazish jabrlanuvchining o`limiga sabab bo`lsa) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






