Joriy yilning 4 yanvar kuni Jizzaxdagi manzil-koloniyadan 2 mahbusning qochib ketgani haqida xabar berilgan edi.
Qochoqlar Zafarobod tumanida joylashgan 30-son jazoni ijro etish manzil-koloniyasida jazo muddatini o`tayotgan bo`lgan.
IIV JIED Axborot xizmatining xabar berishicha, tezkor-qidiruv tadbirlari jarayonida joriy yilning 5 dan 6-yanvarga o`tar kechasi mahkumlar N.M. va K.A. Andijon viloyatining chegara hududlaridan birida jamoatchilik yordamida qo`lga olinib, vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilganlar.
Holat yuzasidan tekshiruv tayinlangan bo`lib, jazoni ijro etish muassasasini ruxsatsiz tark etgan mahkumlarning harakatlariga huquqiy baho berilishi ta`minlanadi.
Ma`lumot uchun: O`zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 114-moddasiga ko`ra jazoni ijro etish muassasasi hisoblangan manzil-koloniyalarda jazo muddatini o`tayotgan mahkumlar koloniya hududi doirasida soqchisiz, erkin yurish, ishlash, ma`muriyatning ruxsati bilan koloniya hududidan tashqarida nazoratsiz harakatlanish huquqidan foydalanadilar.
Qayd etilishicha, belgilangan tartibni buzgan mahkumlar qat`iy nazorat ostiga, ya`ni ilgari jazo muddatini o`tagan umumiy, qattiq yoki maxsus tartibli koloniyalarga qaytariladilar.