AsosiyJamiyat

Uzaytirilgan qishki ta`til kunlari maktablarda o`quvchilar ishtirokida to`garaklar tashkil etilmaydi

'Uzaytirilgan qishki ta`til kunlari maktablarda o`quvchilar ishtirokida to`garaklar tashkil etilmaydi'ning rasmi

Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi qishki ta`til davrida umumta`lim maktablarida o`quvchilar uchun to`garaklar tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berilmaganligini ma`lum qiladi. Bu haqda Vazirlik matbuot kotibi xabar qildi. 

Vazirlik tasarrufidagi respublika tashkilotlari — Bolalar kutubxonasi, "Barkamol avlod" bolalar maktabi tomonidan barcha loyihalar onlayn tarzda tashkil etilmoqda.

Hukumatining tegishli yig`ilish bayonida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda, qishqi ta`til davomida o`quvchi-yoshlarning bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazish maqsadida kitob mutolaasini oshirishga qaratilgan onlayn intelektual viktorinalar, radio eshittirishlar hamda teleko`rsatuvlar namoyish etilishi ko`zda tutilgan.

"Shu o`rinda vazirlik hududiy bo`linmalari hamda vazirlik tarkibidagi barcha ta`lim muassasalari rahbarlaridan qishgi ta`til kunlari o`quvchilar ishtirokida turli to`garaklar tashkil etilmasligini shaxsiy nazoratga olishlari so`raladi" deyiladi xabarda. 

Eslatib o`tamiz, O`zbekistonga anomal sovuq ob-havo kirib kelishi munosabati bilan barcha bo`g`indagi ta`lim muassasalarida qishki ta`til muddati 17 yanvarga qadar uzaytirildi. O`qish jarayonlari 18 yanvar, chorshanba kunidan boshlanadi.

    Boshqa yangiliklar