AsosiyJamiyat

Yangi o`quv yilidan Jizzaxda 6-universitet o`z faoliyatini boshlaydi

'Yangi o`quv yilidan Jizzaxda 6-universitet o`z faoliyatini boshlaydi'ning rasmi

2023/2024 o`quv yilidan boshlab Samarqand davlat tibbiyot universitetining Jizzax filiali tashkil etiladi. Bu haqda «O`zA» axborot agentligi xabar bermoqda.

SamDTU Jizzax filialining asosiy vazifalari hududda malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, xorijiy oliy ta`lim muassasalarining ilg`or tajribasini tatbiq etish asosida malaka talablari, o`quv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish kabilardan iborat.

Shuningdek, fundamental, amaliy va innovasion ilmiy-tadqiqot ishlari tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolar echimiga qaratilib, tibbiy ta`lim, fan, innovasiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarining uzviy bog`liqligi yo`lga qo`yiladi.  

Xorijiy tibbiyot oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlik doirasida talabalar, professor-o`qituvchilar va ilmiy izlanuvchilar akademik mobilligi dasturlari hamda qo`shma ta`lim dasturlarini joriy etish va rivojlantirish asosiy vazifalardan hisoblanadi.

Respublika va xorijiy oliy ta`lim muassasalari, ilmiy markazlarga iqtidorli yosh bitiruvchilarni magistratura, doktoranturaga muntazam yuborish orqali filialda ilmiy-pedagogik kadrlar salohiyatini oshirib borish ham ko`zda tutilgan.

SamDTU Jizzax filialining mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida xorijiy fuqarolar uchun ta`lim olish imkoniyatini kengaytirish va ilg`or xalqaro tajribalarni tatbiq etish ham rejalashtirilgan.  

Bundan tashqari, 2023-2024 o`quv yilidan Jizzax davlat pedagogika universitetining “Davolash ishi” va “Pediatriya ishi” bakalavriat ta`lim yo`nalishida tahsil olayotgan talabalarga o`qishini SamDTUning Jizzax filialida davom ettirishlariga ruxsat beriladi.

Eslatib o`tamiz, ayni paytda viloyatda Jizzax davlat pedagogika universiteti, politexnika instituti, Sambharm universiteti, O`zbekiston Milliy hamda Qozon Federal universitetlarining Jizzax filiallari faoliyat olib bormoqda.  

    Boshqa yangiliklar