AsosiyJamiyat

2023 yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasi 3 888 000 so`m etib belgilandi

'2023 yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasi 3 888 000 so`m etib belgilandi'ning rasmi

Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasi boshqarma boshlig`i Farrux Pardaev ma`lum qildi.

Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida davlat pensiya ta`minoti tizimini takomillashtirish hamda fuqarolarning pensiya miqdorlarini mamlakatning iqtisodiy ko`rsatkichlariga muvofiq izchil oshirib borilishini ta`minlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
        O`tgan yil davomida:
        ▪️ pensiya va nafaqalarning eng kam miqdorlari 14 foizga oshirilib minimal iste`mol xarajatlari miqdoriga etkazildi;
        ▪️ minimal iste`mol xarajatlari miqdoridan (500 ming so`mdan) yuqori miqdorlardagi pensiya va nafaqalar esa 12 foizga oshirildi;
        ▪️ nogironlik pensiya va nafaqalarining eng kam miqdori esa 440 ming so`mdan 698 ming so`mgacha ya`ni 1,6 baravarga oshirildi;
        ▪️ to`lovlarni bank kartalari orqali oluvchilarga har oylik pensiya va nafaqa pulining 1 foizi miqdorida qo`shimcha to`lov joriy qilindi.
        Xabaringiz bor, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 29 yanvardagi “2022 - 2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to`g`risida”gi PF-60-son Farmonlariga asosan, 2023 yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori ya`ni yuqori chegarasi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o`n barobaridan o`n ikki barobarigacha oshirildi. 
        2023 yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasi 3 888 000 so`m etib belgilandi.
        Mazkur Farmonga asosan, 2022 yil dekabri oyida o`rtacha oylik ish haqi miqdori pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 10 baravaridan ya`ni 3 240 000 so`mdan yuqori bo`lgan 371 ming nafar pensiya oluvchilaring pensiya miqdorlari qayta hisob-kitob qilindi va pensiyasi oshadigan fuqarolarga 2022 yilning dekabr oyida SMS xabar jo`natildi.
        Misol uchun 3 900 000 so`m o`rtacha oylik ish haqiga ega bo`lgan fuqaroning pensiya miqdori 2023 yil 1 yanvarga qadar 3 240 000 so`mdan hisob kitob qilingan bo`lsa, 2023 yil 1 yanvardan boshlab esa ushbu fuqaroning pensiya miqdori 3 888 000 so`m qayta hisob kitob qilinadi.
        Ushbu tartibning joriy etilishi yuqori ish haqi olgan va pensiya tizimiga yuqori hissa qo`shgan fuqarolarga munosib pensiyalarni tayinlash, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholining unumli mehnat qilib ko`proq haq olishiga qiziqishini oshirish, yashirin iqtisodiyotdan chiqishga, mamlakatimiz iqtisodiyotini isloh qilishda va rivojlantirishda faol ishtirok etishini ta`minlashga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar