Biroz avval tez tibbiy yordam avtomobillariga tezlikni o`lchovchi maxsus avtomatlashtirilgan, onlayn rejimda ishlovchi kameralar orqali qayd etilib, jarima belgilanayotganligi va ular bekor qilinmayotganligi haqida xabar bergan edik.
Holatga O`zbekiston Ichki ishlar vazirligi hamda Sog`liqni saqlash vazirligining qo`shma bayonot berdi.
Ma`lum qilinishicha, O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 17 prim 1-moddasi beshinchi xatboshisiga ko`ra, tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari, shuningdek ular kuzatib kelayotgan transport vositalari tomonidan yo`l harakati qoidalariga muvofiq imtiyozdan foydalangan holda sodir etilgan ma`muriy huquqbuzarliklar maxsus foto va video qayd etishning avtomatlashtirilgan texnik vositalari orqali qayd etilgan taqdirda hamda kechiktirib bo`lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda haydovchilarning ma`muriy qoidabuzarligi oxirgi zarurat holatlarida sodir etilgan deb topiladi. So`ng mazkur ma`muriy ish ushbu kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi.
Mazkur hujjatning 271-moddasi birinchi xatboshisining to`rtinchi kichik bandiga ko`ra, shaxs harakatni oxirgi zarurat holatida qilgan bo`lsa, ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas. Boshlangan ish esa tugatilishi lozimligi belgilangan.
Ma`lumot uchun: tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari, shuningdek ular kuzatib kelayotgan transport vositalarining haydovchilari kechiktirib bo`lmaydigan xizmat vazifalarini bajarayotib, harakatlanish xavfsizligini ta`minlash sharti bilan yo`l harakati qoidalarining (7-bob, 9-16, 19-20 va 22-boblari, 1 va 2-ilovalari) talablaridan chetga chiqishlari mumkin.
Yo`l harakatining boshqa qatnashchilariga nisbatan imtiyozga ega bo`lishi uchun maxsus xizmatlarning transport vositalarida ko`k yoki qizil yoxud ko`k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi mayoqchalar va maxsus tovushli ishora yoqilgan bo`lishi shart. Ular o`zlariga yo`l berilayotganligiga ishonch hosil qilganlaridan so`nggina imtiyozdan foydalanishlari mumkin.
Eslatma:
O`zbekiston Respublikasi MJtKning 128 prim 5-moddasi birinchi qismiga ko`ra, maxsus xizmatlarning ko`k yoki qizil yoxud ko`k va qizil rangli yaltiroq mayoqchani yoqqan holda hamda maxsus tovushli signal bilan yaqinlashib kelayotgan transport vositalari to`siqsiz o`tib ketishi uchun transport vositalari haydovchilari tomonidan halaqit berish — BHMning besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi.
"2022 yilning 1 noyabr kuni IIV Yo`l harakati xavfsizligi, Respublika Tez tibbiy yordam xizmati markazi hamda Sog`liqni saqlash vazirligi avtotransport bo`limi mas`ul rahbarlari ishtirokida tez tibbiy yordam avtomobillarining maxsus foto-video fiksasiya moslamalari orqali qayd etilgan yo`l harakati qoidalarini buzish holatlari bo`yicha kelib chiqayotgan muammolar to`liq bartaraf etilib, ishlash mexanizmi yo`lga qo`yilgan" deyiladi boyonotda.






