Toshkent viloyati Bekobod tumani Sirdaryo daryosida 30 dekabr kuni Fazliddin G`oyibnazarov sheriklari bilan qush ovladi. Tabiat resurslari vazirligi axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, o`rganishlar davomida fuqaro X.U tomonidan qushlar ovlangani va o`ljalar bilan bevosita boshqa fuqarolar bilan birgalikda sportchi Fazliddin G`oyibnazarov ham foto va videotasvirga tushgani o`z tasdig`ini topgan.
Ovni amalga oshirgan fuqaro X.U.ning ov qilishga tegishli hujjatlari borligi, u ovchilik jamiyatidan ro`yxatdan o`tgani aniqlangan. Biroq u ov jarayonida belgilangan me`yorlarga amal qilmay, qoidalarni qo`pol tarzda buzgan va tabiatga zarar etkazgani ma`lum bo`ldi.
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 90-moddasiga asosan, huquqbuzarga nisbatan jarima va hayvonot olamiga etkazilgan zarar miqdori hisoblanib, ov qurollari Toshkent viloyati Bo`ka tumani ichki ishlar bo`limiga belgilangan tartibda topshirildi.






