16 yanvardan respublikaning katta qismida kunduzgi maksimal haroratlar "plyus" haroratga yaqinlashadi. Bu haqda “O`zgidromet” etakchi mutaxassisi Erkin Abdulahatov ma`lum qildi.
Unga ko`ra, respublikada arktik antisiklon chekka qismining faol ta`siri 14 yanvar kuni ham saqlanadi. 15 yanvardan esa asta-sekin antisiklon hududlarmizdan sharqqa tomon "suriladi".
"Og`ir karvon" sovuq antisiklonning mintaqadan butunlay chiqib ketishi 18 yanvar sanalariga to`g`ri kelib, vodiy viloyatlari shu kun ham uning ta`sirida bo`ladi. Yuqori ehtimol, 19 yanvardan vodiyda ham kunduz kunlari plyus haroratlar kuzatila boshlaydi.
O`zgidromet sinoptiklariga ko`ra, 17 yanvardan respublika shimoli va janubidan keyinroq, 19 yanvarga qadar shimoli sharq va sharqiy viloyatlarda kunduz kuni plyus nol haroratga yaqinlashamiz. Tunlari ham ayoz qahratonlar biroz yumshaydi.






