1

Mashhurlarning muhabbat maktublari

Mutolaa 21.09.2016, 09:49
Teglar: Yuragimda saqlaganlarim
Mashhurlarning muhabbat maktublari

... Va nihoyat maktub yo`llashga ahd qildi. Garchi muhabbati javobsiz qolishini bilsada, yurak, aqlni inkor etdi. Qancha yozdi, nimalar dedi bilmaydi. Anglagani uning maktubi maxbubasi tomon «qanot qoqdi». Endi nima bo`ladi? Taqdir balki muruvvat qilar... balki shafqatsiz savalar...

E`tiboringizga havola etilgan parcha, mashhurlarning muhabbat tarixidan bir shingil edi. Uning davomi bilan quyida tanishingiz mumkin. Buyuk shaxslarning go`zal sevgi nomalari o`ylaymizki, sizni befarq qoldirmaydi. Haqiqiy, sof va beg`ubor tuyg`ular silsilasi ular...    

Napolen BONAPARTdan  Jozefinaga 
«Kun sayin seni yanada kuchliroq sevib borayapman. Har tun go`yo bag`rimdasan, xayolan... Hatto finjondagi choyga ham qo`l tekkazishni istamayman. Qo`rqaman. Sendan uzoqdaligimga sabab bo`layotgan g`ururimni la`natlashdan qo`rqaman, Hayotim! Ayni xizmat payti yoki xarbiy lagerlarni ko`zdan kechirayotib ham halovatim yo`q. Yuragim jang maydonidan uzoqlarda, Jozefinam vasli bilan parishon. Bu xayollar meni es – hushimdan ayirmoqda. 

Agar sendan xuddi Rona daryosining shoshqaloq tezligidek uzoqlashayotgan bo`lsam, bilginki, visol yaqin. Tun yarmida uyg`onib, bosh ko`tarmay ishlashim ham bejiz emas. Tezroqda yoningga qaytish ilinji bu. 

Vantoz (taqvim) ning 23 dan 26 sanasiga yo`llagan maktubingda «SIZ» deb murojaat qilibsan. «SIZ»? Jin ursin! Bunga qanday qo`ling bordi? Bunchalar sovuqqonlik...

Jozefina! Jozefina! Bir vaqtlar senga aytgan so`zlarim yodingdami: «tabiat meni kuchli va sabotli fe`l bilan siylagan, senga esa shu qadar mayinlik ato etganki...» Meni sevmay qo`ydingmi? Kechir, kechir meni azizam, yuragim tilka – pora bo`layapti.

Seni deb urayotgan yuragim allaqanday qo`rquv va cheksiz sog`inch bilan to`layotir...

Ismimni aytmay so`zlashingdan og`rinayapman. Ha, bu juda alamli va og`riqliki... Kutaman, ismim yozilgan maktubingni kutaman. Hayr! Evoh, bordiyu mendan ko`ngling qolgan bo`lsa, demak hech qachon meni sevmagansan! Men bundan qattiq pushaymon chekishim aniq...»
    
Aleksandr Sergeevich PUShKINdan   Natalya GONChAROVAga 
Moskva. 1830 yil, mart oyi. (qoralama, fransuz tilida) 
«Bugun – sizni ilk bor uchratgan kunimning shodiyonasi. Tobora iqrorim ortayaptiki, mening borlig`im siz bilan bir butundir. Aslo ayro bo`lolmaydi! Sizni sevish va ardoqlash uchun yaratilgan bo`lsam ajab emas. Qolgan yumushlaringizchi dersiz, ularning bari tentaklik, rosti. Olislarda yurib, boy bergan baxtiyorlik onlarimdan afsusdaman. Lekin ertami – kechmi, barchasini tashlab, oyoqlaringizga bosh urib, yiqilaman. U kunning birgina xayoli ko`z oldimda jonlangudek bo`lsa, zulmat qoplagan zerikarli kunlarim nurafshon bo`lib ketadi. O`shanda uyingiz atrofida aylanib, sizni qarshilayman, ortingizdan ergashaman...»
  
Onore de BALZAKdan  Evelina GANSKAYaga
«Qani edi, tizzangizga boshimni qo`yib, qalbim halovat topsa. Fikrlarimni band qilgan o`ylarni siz bilan bo`lishsam. Yo`q, ba`zan umuman gapirgim ham kelmaydi. Shunchaki, ko`ylagingizning bir uchini labimga bosib, o`sha bir kunni siz bilan o`tkazsam deyman...

O, mening mahbubam! Hayotim mazmuni, tunlarimni charog`on etguvchi malagim, quvonchim, baxtim, azizim  qachon ko`raman sizni?  Yoki bu sarobmi? Sizni ko`ribmanmi o`zi? Ey tangrim! So`zlayotganda har bir tovushga bilinar-bilinmas urg`u berishingizni sevaman! Nozik lablaringiz shu qadar bejirimki, bu haqda aytmoqlikka izn bering, Azizam!

Ertayu kech tinim bilmay ishlayapman. Dekabr oyida ikki haftaga bo`lsada yoningizga boraman. Yo`l - yo`lakay Yurskning qor bilan qoplangan ulug`vor tog`larini ko`ramanu, bilasizmi nimani xayol qilaman...Oq baxmalga o`ralgan tog`lar sevgimlim vaslini yodga soladi. Oh! Sochlaringizning xushbo`y tarovati, qo`llaringizning otashin tafti, sizni bag`rimda erkalab .... ilhomim jo`shib ketadi.   

Do`stlarim, «bunchalik irodalisan» deya hayron qolishadi.  Eh, bilganlaridami ular, mahbubamning nurafshon siymosi har qanday assosiz ta`nalarni yo`qqa chiqarishini. Birgina o`pich farishtam, birgina oxista o`pich, va hayrli tun!»
   
Alfred de MYuSSEdan Jorj SANDga

«Azizam Jorj, sizga aytmoqchi bo`lganim andak tentaklikdek tuyular balki, kulguli eshitilishi ham mumkin. Ochig`i, yozishga no`noqroqman. Sayrdan qaytib, aytmoqchi bo`lganlarim qolib, nega bo`lar-bo`lmas narsalarni yozayapman, bilmayman. Kech tushishi bilan bu ishlarimdan pushaymon eyman hali. Siz ustimdan kulasiz, ehtimol meni lofchiga chiqararsiz. To`ppa-to`g`ri eshikni ko`rsatib, men haqimda yolg`onchi degan xayolga borishingiz ham aniq. 
Men sizga oshiqman! Sizni uchratgan ilk kunimdayoq sevib qolganman. Do`stnona munosabatda bo`lsak, dardimga shifo toparman degandim. Fe`lingizda shu qadar ajoyib jihatlar borki, so`zsiz yuragimga malham bo`lishi tayin. Har qalay o`zimni shunga ishontirdim. Astoydil ishontirdim. Ammo siz bilan o`tayotgan har bir daqiqa men uchun juda qimmatga tushayapti. Yaxshisi, hoziroq chiqib ketishimni ayting, balki shunda kamroq azoblanarman... Behudaga muammo chiqarishni istamayman. Siz bo`lsa Jorj, har doimgidek aytasiz: «Yana bir oshiqu – beqaror!» Bordiyu menga befarq bo`lmasangiz, xuddi kechagi suhbatimizda gapirganingizdek, nima qilmog`im lozimligini bildiring. 
Agar yozayotganlarimga shubhangiz bo`lsa, o`timan, yaxshisi javob bermang. Bilaman, siz ham men to`g`rimda o`ylaysiz. Shularni xayol qilamanu, ammo hech nimaga umid qilolmayman. So`nggi oylarda menga baxtiyorlik lahzalarini hadya etgan do`stimni yo`qotishimni bilaman, xolos. Mehribon inson ekanligingizga aminman, va bilamanki siz ham sevgansiz. Men sizga xuddi sadoqatli do`stiga ishongandek ishonaman. 
Jorj, o`zimni xuddi tentaklardek tutayapman. Tez orada Italiyaga jo`nab ketasiz. Parijda qisqa vaqt qolishingizdan baxramand bo`lish o`rniga qilayotgan ishimni ko`ring. Jindek qat`iyyatim bo`lganidami, bu damlarni siz bilan o`tkazishga jamz qilolardim. Ammo haqiqat shuki, qat`iyyatsizman, shuni deya azobdaman...»

Lev TOLSTOYdan  Sofi BERNSga
Sentyabr 1862 yil 

«Sofya Andreevna, ortiq bardosh qilolmayman. Uch haftadan buyon har kuni aytaman deymanu, ammo o`sha nadomat, o`sha qo`rquv va havotir bilan ortimga qaytaman. Har oqshom, xuddi hozirgidek, o`tmishni kavlashtirib: «nega aytmadim, aytolmadimmi, qanday aytardim» deya qiynalaman. Ushbu maktubni o`zim bilan olib ketaman. Yana irodam bo`shlik qilsa, uni sizga beraman, o`qiysiz. Oila a`zolaringizning soxta muomalalari, nazarimda, singlingiz Lizani sevib qolganim uchun qilinayotgandek. Bu nohaqlik axir. Yozgan qissangiz hali ham xayolimdan ketmayapti. O`qib chiqqach, men kim Dubliskiy ham bunday baxtni orzu qilolmaydi. Muhabbat haqida yozgan shoirona jumlalaringiz... siz ko`ngil bergan insonga havas qilmayapman, havas qilmayman ham. Nazarimda, siz uchun xuddi bolalardek quvonishim mumkin...

Rostini ayting, sofdil inson sifatida so`zlang faqat, rafiqam bo`lishga rozimisiz? Javobingiz «ha» bo`lsa, chin dildan, ishonch bilan so`zlang. Bordiyu qalbingizda zarracha gumon o`rmalasa, «yo`q» deyishdan cho`chimang. Tangrim haqqi, javob berishdan avval o`zingizdan yaxshilab so`rang, shunga rozimisiz? «Yo`q» deyishingizdan qo`rqaman. Lekin bardoshli bo`lishga kuch topolaman. Agar men sizni sevganday meni sevmasangiz, tamom, juda yomon bo`ladi.»

Volfgang AMADEY MOSARTdan – KONSTANSAga
  «Mening suyukli, mittigina rafiqam, sen uchun bir qancha topshiriqlarim bor.

Sendan o`tinib so`rayman:
1)  Tushkunlikka tushib qolma;
2)  Sog`lingni asra, bahor elvizagidan ehtiyot bo`l;
3)  Bir o`zing sayrga chiqma, yaxshisi umuman sayr qilma;
4)   Senga bo`lgan muhabbatimga zarracha ham shubhang bo`lmasin. Har safar maktub yozganimda surating qarshimda turadi;
5)   Ikkimizning ham nomimizga dog` tushmasin, har bir ishingga ahamiyatli bo`l. Tashqi ko`rinishingga e`tibor ber. Bularni senga aytayotganimdan ranjima. Obro`mizga putur etmasligi uchun qayg`urayotganimdan meni ko`proq sevishing kerak, nazarimda. 
6)  So`zim yakunida yana bir iltimosim, xatlaringdagi ma`lumotlarni to`liqroq tasvirlasang. Men ketgan kunimning ertasiga qaynim Xofer keldimi yoki yo`qmi, shu haqida bilmoqchiman. Va`da berganidek tez-tez xabar olib turibdimi? Langeslar yo`qlab turishibdimi, har zamon? Portret chizayotganding, ishlaring oldinga siljib qolgandir? Ahvollaring yaxshimi? Mana shular meni har qachongidan ko`proq qiziqtirayapti»

YuLDUZ tarjimasi

Sharhlar

​QIMMATGA TUShGAN “MUHABBAT”

25.07.2017, 11:04

Biron bir ishni boshlash oson kechmaydi. Nemislarda ham “hamma ishning boshlanishi og`ir” degan maqol bor. Qancha mehnat, mablag` va tinimsiz harakat zarur. Hujjatlarni to`g`rilash, ma`lum...
​Shubhaga ergashib…

11.07.2017, 12:11

Nasiba ko`zini to`yxonaning to`rt tomoniga yugurtirib erini izlay boshladi. Qani u? Topolmagach, o`rnidan turdi-da, butun tashvishlarini unutib sho`x taronaga raqs tushayotganlarni oralab, eshik tomon yurdi....
​Yaproqdagi nur

29.06.2017, 14:11

Qizlar yotoqxonasining yuqori qavatiga ko`tarilayotganimda qattiq hayajonlanib ketdim. Ko`rishmaganimizga ham ancha bo`ldi. Qanday kutib olarkin? Nimadan gap boshlasam ekan? Bu uchrashuvimiz nima bilan tugarkin? Har...
​MEHRIBON

28.06.2017, 15:27

Sobira kalendarga qaradi. O`n ettinchi fevral… Ertaga o`g`li bilan uchrashadi. Ikkilarining ham tug`ilgan kunlari. Yuragini temir qo`llar g`ijimlagandek bo`ldi. Sog`ingan, juda-juda sog`ingan…Uch yil muqaddam…Sobira o`zi...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1