Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig`ilishi arafasida 2023 yil 23 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin bilan uchrashuv o`tkazdi.
Suhbat chog`ida O`zbekiston-Tojikiston do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
O`zbekiston va Tojikiston rahbarlari o`rtasida erishilgan kelishuvlarni to`liq amalga oshirish uchun yaqin hamkorlik qilishga tayyorligi tasdiqlandi.
Oliy va yuqori darajadagi rejalashtirilgan tadbirlar jadvali va ularning turli jihatlari ko`rib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish, transport sohasidagi hamkorlik va hududlararo aloqalarni rivojlantirish bo`yicha takliflar muhokama qilindi.
Uchrashuvda O`zbekiston va Tojikiston o`rtasida xalqaro institutlar doirasidagi hamkorlik, shuningdek, mintaqaviy siyosatning ayrim masalalari yuzasidan fikr almashildi.
O`zbekistonning IHTdagi raisligi tuzilma faoliyatiga yangi sur`at bag`ishlab, Tashkilot makonida o`zaro manfaatli sheriklikni barcha yo`nalishlarda jadallashtirishga xizmat qilgani qayd etildi.