1

«O`g`lim yo`q deb o`ksinmang!»

Mutolaa 22.09.2016, 16:49
Teglar: Yuragimda saqlaganlarim
«O`g`lim yo`q deb o`ksinmang!»

Onaxonga doim havas bilan qarayman. Chiroyli ayol. Yuzidan nur yog`ilib turadi. Qizlari ham tumandagi ko`zga ko`ringan insonlar. Shifokor, o`qituvchi, xususiy tadbirkor, hisobchi. Cholu kampirning bir-birini suyab yashashlari, asrab-avaylashlari ham kishini to`lqinlantiradi. Qo`sha qariyotgan insonlar baxtli-da, deyman ularga qarab. 

...O`sha kuni maydalab qor yog`ayotgandi. Meni to`lg`oq azobidan ham ko`ra ichimdagi g`alayon qiynardi. Yana qiz tug`sam-a? Negadir shundan juda qo`rqardim? Erim bu safar tug`ruqxonaga borish tugul meni qaytib olib ham kelmasa kerak. Besh bolam bilan qaerga sig`aman keyin? Ana shunday o`ylar iskanjasida, Xudodan o`g`il so`ray-so`ray tug`ruqxonaga bordim. Ko`zim yoridi… Doya ayolning ko`zlariga termilaman. U kulib turibdi. Dardimni bilmaydi-da… «Eson-omon tug`ildi, bola muborak!» deydi. Men majolsizgina so`rayman: «O`g`ilmi?»… «Qiz…»

Bolam… bolajonim… uni qo`limga olganimda dardlarim unutilgandek bo`ladi, axir unda nima ayb? Ammo har kuni derazaga qarab, otasini kutganimda ichimdan nimadir uziladi. Onam, opam kelib, qizlarim yaxshiligini, men tug`ruqxonada bo`lganimga ular o`zlari bolalarimga ko`z-quloq bo`lib turishganini aytishadi, tinchlantirgandek bo`lishadi. Biroq ichimga, baribir, chiroq yoqsa yorishmaydi. Alam qiladi. Axir qizmi, o`g`ilmi, bolasi-ku! Bir paytlari ko`ngil qo`yib, suyib uylangan ayoliman-ku! Nahot endi mendan ham, besh norasidadan ham voz kechsa? Qaynonam-chi? U kishidan ham darak yo`q. Xullas, etti kun ana shunday alamlaru kelib qolishar, degan umidlar bilan o`tdi. Yo`q! To`g`ri ota uyimga ketdim. Otam rahmatli o`shanda «Qizimni ham, qizlarini ham o`zim boqib olaman. Bolaning qadriga etmagan kuyov kerakmas menga», degandi…

***

…O`sha kuni maydalab qor yog`ayotgandi. Yarim kecha telefonning qattiq jiringlashidan uyg`onib ketdim. Go`shakni ko`targan otamning ovozi eshitildi. «Qachon?», «Nima bo`ldi?» «Qaerda?»

Ko`nglim nimadir yuz berganini sezdi. Qo`limda uch oylik chaqalog`im bilan yugurib chiqdim. Otam boshini xam qilib turardi. Qorong`uda u kishining yuzini ko`rolmadim. 

—  Xadicha, tez kiyin, bir joyga borishimiz kerak, — dedi otam. 

Xayolimga turli o`ylar yopirilib keldi, o`sha bir joyni taxmin qila olmasdim.

—  Nima bo`ldi?

— Uyingdan qo`ng`iroq qilishdi… Kuyovning mazasi yo`qmish…

U kishi gapini davom ettirishni istamadi. Xonasiga qarab kirib ketdi. Men ham xonamga kirib kiyina boshladim. Onam, ukam ham uyg`onishdi. Biz ukam, otam va chaqalog`im yo`lga chiqdik. Shifoxonaga borib,  hammasidan xabar topdim. Erim avtohalokatga uchrabdi.  Bir hushiga kelib, bir hushidan ketib yotgan ekan. Nuqul o`ziga kelganida qizlarini so`rarmish.

***

…O`sha kuni maydalab qor yog`ayotgandi. Zebo atak-chechak qadamlarini tashlayotgandi. Erim ham bir yil deganda  bolasi bilan barvar qayta qadam tashlay boshladi. O`sha bir yil davomida ikkimizning ko`rgan qiyinchiliklarimiz, dilimizdan o`tganlari faqat o`zimizga va Xudoga ayon. Erim doim yolg`iz qolsak, tavbalar qilar, kechirim so`rardi. 

— Sening, qizlarimning qadriga etmaganim uchun Xudo jazoladi meni, — deya kuyinardi.

Men esa besh norasidam uchun erimni asrab qolgan Yaratganga shukronalar aytardim. Og`ir kunlarimda qizlarim jonimga oro kirdi. Men kun davomida erimning boshida shifoxonada o`tirardim. Kattalarim navbatlashib otasiga qarashar, ovqat qilib kelishar, singillariga bosh-qosh bo`lishardi. Qaynonam «Qiz bola boshqacha bo`ladi-da! Yoningga tez kiradi», derdi ko`ziga yosh olib. Yana doim qo`lini duoga ochib, «Ko`rgan-kechirganlaring shu bo`lsin. Boshqa boshlaring g`am ko`rmasin», deya niyat qilardi. Ammo bu hayot ekan. U doim tekis yo`llardan emas, turli sinovlar, qiyinchiliklardan iborat bo`larkan.  

***

…O`sha kuni maydalab qor yog`ayotgandi. Ishdan chiqib uyga keldim. Kattam tibbiyot institutida, ikkinchisi iqtisodiyot yo`nalishida o`qirdi. Viloyat markaziga uyimiz yaqin bo`lgani uchun avtobusda o`qishga borib-kelishar, dadasi eru ko`kka ishonmagani bois yotoqxonada ham turishmasdi. Kichiklar maktabdan kelishgan, hamma jamuljam bo`lib choy ichayotganimizda katta qizim hovliqib kirib keldi.

— Oyi, Zulxumor avtobusda hushidan ketib qoldi, — deya yig`lardi u. Yo`l mashinasida uni uyga olib kelishibdi. Bolam hushiga kelgan, ammo boshini changallab yig`lardi. «Tez yordam» chaqirdim. Avval tuman shifoxonasiga tekshiruvlardan o`tkazishdi, keyin viloyat markaziga jo`natishdi. Va hayotimdagi eng dahshatli gapni aytishdi. O`n ettiga endigina to`lgan qizimga miya saratoni tashxisini qo`yishdi. Oyog`imning uchigacha muzlab ketdim. Turmush o`rtog`im «Xato qilgansizlar, mening bolam kasal emas. Shunchaki boshi og`rigan», deya shifokorlarga e`tiroz bildirar, ammo ko`zlari yoshlanardi. Shu kundan hayotimizdan fayz ketdi. Ado bo`ldik. Tinimsiz davolanishlar, poytaxtda oylab muolaja olishlar natijasida uch yilgagina bolajonimning umri uzaydi. Taqdir hayot bog`imizdan bir gulimizni yulib oldi… 

Zulxumor bu yorug` olamni tark etgach, men uchun dunyo zulmatga aylandi. Kun bo`yi bir nuqtaga termulib yotardim. Qizlarim xuddi hozir nimadir yuz beradigandek oyoq uchida yurishar, nima deb meni yupatishni bilishmasdi. Erim esa kundan-kun cho`kayotgan tog`ga o`xshardi. Qizimning suratini bag`riga bosib yig`lardi. Endigina maktabga chiqqan kenjam Zebo dadasini yoniga borib, «Dada, meniyam quchoqlang. Ikkimiz birga opamni quchoqlaylik», derdi. Shu mittigina qizalog`im ham otasini yupatgisi kelar, goho yig`lab yotganimni ko`rib, boshimni silab o`tirardi. 

***

Hayot davom etaverarkan. Qizlarim izma-iz ulg`ayishdi, o`qishdi, ularni turmushga uzatdik. Mana, o`tgan oy Zeboning ham ko`zi yordi, polvondek o`g`il ko`rdi. Qizlarim yor-yor sadolari ostida uyimizni tark etayotganida mendan ko`p otasi yig`lardi.  «Kuyovimiz yaxshi insonmikin», «Qudalar yaxshi munosabatdamikan qizlarimizga», deya so`rayveradi. Bolalarini hamon eru ko`kka ishonmaydi. Hozir o`g`il-qiz nevaralarimiz bag`rimizni to`ldirishadi. Ular uyga kelishganida hovlimiz o`zgacha fayz oladi. Katta qizimning to`ng`ichi biz bilan yashaydi. Bu hovliga nevara kelin tushirishimni o`ylasam, qalbim quvonchga to`lib ketadi. 

***

…O`sha kuni maydalab qor yog`ayotgandi. Qor kishiga o`zgacha bir kayfiyat bag`ishlaydi. Derazalarni ochib, ayvonda qorni tomosha qilib o`tirsak, katta kuyovlarim kirib kelishdi. Va hayotimiz davomida eng katta niyatimizga etkazishdi bizni. Bolalarimiz maslahatlashib, bizni haj safariga jo`natishni maqsad qilishibdi. Ularning «Sizlarni ro`yxatga yozdirib qo`ymoqchimiz», degan so`zlaridan qalbimizni shukuh, shukronalik tuyg`ulari chulg`ab oldi, ko`zlarimizdan ular yosh bo`lib oqdi. Xudoning inoyati, o`g`il o`rnini bosguvchi kuyovlarimizu qizlarimiz sa`yi harakati bilan bir umrlik orzumiz ushaldi. Haj ziyorati bizga nasib etdi. Cholu kampir farzlarimizni ado etib, hoji ota, hoji ona maqomiga erishib, bolalarimizning rohatini ko`rib o`tiribmiz. 

Xudoning har bir kuni sinov ekan, sinovlarni sabr va matonat bilan engib o`tish, ular insonning irodasini mustahkamlab, iymonini butlaydi. Va albatta, har qanday sinovning ortida bir mukofoti bo`larkan. 

Bir paytlari maydalab qor yog`sa, yuragim shig` etib ketardi. Qor ham Tangrining bir inoyati. Har qor yog`ganida Zulxumorning haqqiga yanayam ko`p duolar qilaman, farzandlarimga umr so`rayman, Yaratgan barchani ezgu niyatlariga etkazishini, hech kimning boshiga farzand dog`ini solmasligini so`rayman.

Shoira ShAGIAHMEDOVA qog`ozga tushirdi.

Sharhlar

​QIMMATGA TUShGAN “MUHABBAT”

25.07.2017, 11:04

Biron bir ishni boshlash oson kechmaydi. Nemislarda ham “hamma ishning boshlanishi og`ir” degan maqol bor. Qancha mehnat, mablag` va tinimsiz harakat zarur. Hujjatlarni to`g`rilash, ma`lum...
​Shubhaga ergashib…

11.07.2017, 12:11

Nasiba ko`zini to`yxonaning to`rt tomoniga yugurtirib erini izlay boshladi. Qani u? Topolmagach, o`rnidan turdi-da, butun tashvishlarini unutib sho`x taronaga raqs tushayotganlarni oralab, eshik tomon yurdi....
​Yaproqdagi nur

29.06.2017, 14:11

Qizlar yotoqxonasining yuqori qavatiga ko`tarilayotganimda qattiq hayajonlanib ketdim. Ko`rishmaganimizga ham ancha bo`ldi. Qanday kutib olarkin? Nimadan gap boshlasam ekan? Bu uchrashuvimiz nima bilan tugarkin? Har...
​MEHRIBON

28.06.2017, 15:27

Sobira kalendarga qaradi. O`n ettinchi fevral… Ertaga o`g`li bilan uchrashadi. Ikkilarining ham tug`ilgan kunlari. Yuragini temir qo`llar g`ijimlagandek bo`ldi. Sog`ingan, juda-juda sog`ingan…Uch yil muqaddam…Sobira o`zi...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1