Qoraqalpog`iston IIV Jinoyat qidiruv boshqarmasi bo`limining sobiq boshlig`i Po`lat Shamshetov Nukus voqealari bo`yicha hukm chiqarilgandan ko`p o`tmay vafot etdi. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Po`lat Shamshetov Qoraqalpog`istonning birinchi va yagona prezidenti Dauletbay Shamshetovning o`g`li bo`lgan. Taxminlarga ko`ra, u yurak xurujidan vafot etgan. U 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
Po`lat Shamshetov 45 yoshda edi. U o`tgan yilning iyul oyida Qoraqalpog`istonda yuz bergan voqealardan keyin hibsda saqlanayotgan edi.
31 yanvar kuni Buxoro viloyati sudi hukmiga ko`ra, Po`lat Shamshetov Jinoyat Kodeksining 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga shu kodeksning 45-moddasi (Muayyan huquqdan mahrum qilish) va 57-moddasi qo`llanib, mansabdorlik lavozimlarida va ichki ishlar tizimida 3 yil davomida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.
Sudda u ko`chaga nima bo`layotganini ko`rish uchun chiqqanini ta`kidlagan. "Maqsad shunchaki o`z ko`zim bilan ko`rish bo`lgan", — degandi u.