Joriy yilning 23 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo`lib o`tdi. Uni Komissiya raisi
M. Abdusalomov boshqardi.
Majlisda siyosiy partiyalar vakillari, ommaviy axborot vositalarining xodimlari ishtirok etdi.
“O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi Qonunning 241–moddasi va “O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to`g`risida”gi Qonunning 5-moddasiga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi 2016 yilgi prezidentlik saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiyalarning taqdim etilgan arizalari va boshqa hujjatlarini ko`rib chiqib, O`zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O`zbekiston «Adolat» sosial-demokratik partiyasiga saylovda ishtirok etishga ijozat berish to`g`risida qaror qabul qildi.
Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga ro`yxatga olinganlik guvohnomalarini va belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini berdi.
Majlisda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi okrug saylov komissiyalarini tuzish va ularning shaxsiy tarkibini tasdiqlash to`g`risidagi masala ham ko`rib chiqildi.
Komissiya a`zolari saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bilan bog`liq boshqa masalalarni ham ko`rib chiqdilar.
Barcha muhokama qilingan masalalar bo`yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.