1

Siyosiy partiyalar O`zbekiston Prezidentligiga nomzodlarni qo`llab-quvvatlash uchun imzo to`plashga kirishdi

Jamiyat 23.09.2016, 14:41
Siyosiy partiyalar O`zbekiston Prezidentligiga nomzodlarni qo`llab-quvvatlash uchun imzo to`plashga kirishdi

Shu kunning o`zida mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari uchun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo`yicha saylov kampaniyasining borishiga bag`ishlangan brifing o`tkazildi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov saylovga tayyorgarlik ishlari qonunchilik talablari va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha Asosiy tadbirlar dasturi asosida izchil olib borilayotganini qayd etdi.

Saylov kampaniyasi qizg`in pallaga kirib bormoqda, saylovda ishtirok etuvchi partiyalar aniqlandi, ularga imzo varaqalari blankalari berildi. Siyosiy partiyalar O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qo`llab-quvvatlash yuzasidan saylovchilar imzosini ish, xizmat, o`qish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida to`plashga haqli. 

“O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida” gi Qonunga 2015 yil 29 dekabrda kiritilgan o`zgartishlarga muvofiq siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari O`zbekiston Respublikasi jami saylovchilar umumiy sonining 5 foizidan 1 foizigacha kamaytirildi.

Bu 214 350 nafar saylovchi imzosini tashkil etadi.

Bu imzolar kamida sakkizta ma`muriy-hududiy tuzilma namoyandasi bo`lgan saylovchilarni qamrab olgan bo`lishi kerak. Ma`muriy-hududiy tuzilmalardan birida siyosiy partiya imzolar umumiy miqdorining ko`pi bilan sakkiz foizini to`plashi mumkin.

Anjumanda jurnalistlar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi okrug saylov komissiyalari  tuzilganligi haqida xabardor qilindi. Okrug saylov komissiyalarining 56,6 foizi avvalgi saylovlarda amaliy tajriba to`plagan, jamiyatimizning obro`li vakillaridir. Komissiya a`zolarining 56 nafari, ya`ni 36,8 foizi xotin-qizlardir, ularning 12 nafari esa saylov komissiyalarining rahbariyatidan joy egallagan.

Ta`kidlanganidek, butun saylov kampaniyasi oshkoralik va ochiqlik tamoyillari asosida olib borilmoqda. Shu maqsadda Markaziy saylov komissiyasining O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O`zA, “Jahon”, “Uzreport” axborot agentliklari, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi bilan ikki tomonlama bitimlar imzolandi.

Respublika matbuot markazi faoliyat ko`rsatmoqda. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan xorijiy va milliy ommaviy axborot vositalarining qariyb 400 nafar vakili akkreditasiyadan o`tkazildi.

Shu bilan birga Markaziy saylov komissiyasi Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Ijroiya qo`mitasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Butunjahon saylov organlari assosiasiyasi kabi nufuzli xalqaro tuzilmalarga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun taklifnomalar yuborilgani ma`lum qilindi.

 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1