1

Shoir “o`lmay” qoldi

Jamiyat 09.02.2023, 14:01
Shoir “o`lmay” qoldi

Hazrat Alisher Navoiy bag`oyat oliyhimmat, saxovatpesha zot bo`lgan ekanlar. Ilmu hunar ahliga har jihatdan ko`maklashib, homiylik qilganlar.

Zayniddin Vosifiyning yozishicha, o`sha paytlar Hirotda  Mavlono Hasanshoh ismli bir shoir yashagan ekan. Qishning qahraton kunlaridan birida  shoirning uyida egani non ham qolmaydi. Shunda u o`g`lini chaqirib, “tezda motam libosini kiyib, hazrat Navoiyning huzurlariga bor, “otam qazo qildilar, ma`rakalariga pul kerak bo`lib qoldi” deb ayt. Agar pul bersalar, bozorga borib, qishdan chiqishga etadigan oziq-ovqat olib kelarsan” deb buyuradi.

Shoirning o`g`li Navoiyning huzurlariga kelib, otasi aytgan gaplarni aynan takrorlaydi. Hazrat Navoiy bu xabardan xiyol afsuslanib, “attang, Mavlono qanday yaxshi odam edi-ya”,  deb  bosh chayqaydilar va “marhum”ning o`g`liga 300 tanga in`om qiladilar. O`g`il bozorga borib, otasi aytgan narsalarni xarid qilib qaytadi.

Kunlarning birida Mavlono Hasanshoh nimadir yumush bilan Hazratning huzurlariga kiradi. Navoiy uni ko`rib, hayratda devorga suyanib qoladilar:

- Vo ajab, mavlono, sizni o`ldi deyishgan edi-ku?

Shu savolga oldindan tayyorgarlik ko`rib borgan  Hasanshoh hozirjavoblik qiladi:

- Taqsir, agar o`g`limdan o`sha pulni berib yubormaganingizda rostdan ham ochimdan  o`lgan bo`lardim.

Bu javob Hazratga ma`qul kelib, kulib yuboradilar va shoirga bosh-oyoq sarpo,  yana ming dinor mukofot berishni buyuradilar. 

Rustam Jabborov


 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1