Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzurida O`zbekiston-Yaponiya yoshlar innovasiya markazi tashkil etiladi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Hujjatda ta`kidlanishicha, markazni tashkil etishdan maqsad respublika yosh olimlari va talabalari jahon amaliyoti va xalqaro andozalarga muvofiq ilmiy tadqiqotlar olib borishning, zamonaviy, ilg`or usul va texnologiyalarini egallashlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, respublika iqtisodiyotining bazaviy tarmoqlari uchun Yaponiya ilmiy va ta`lim muassasalarining olimlari hamda etakchi mutaxassislari ishtirokida yuqori malakali mutaxassislarni sifatli tayyorlashdan iborat.
2015 yilning 25 oktyabrida O`zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Yaponiya Hukumati o`rtasida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzurida O`zbekiston-Yaponiya yoshlar innovasion markazini tashkil etish bo`yicha hamkorlik qilish to`g`risidagi Memorandum imzolangan edi.
Yaponiya tomonidan Sukuba, Nagoya, Keyo universitetlari, Toyoxashi Texnologiya universiteti va Tokio texnologiya instituti markazning hamkorlari hisoblanadi.





