2016 yil 26 sentyabr kuni “Bunyodkor” yoshlar teleklubida O`zEOAVMA va nodavlat teleradiouzatuvchilarning shu yilning 4 dekabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini nodavlat ommaviy axborot vositalarida yoritishga bag`ishlangan umumiy yig`ilishi (Konferensiyasi) bo`lib o`tdi.
Yig`ilishda O`zEOAVMA boshqaruv a`zolari, Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati rahbari N.Nurmatov, hududiy teleradiostansiya rahbarlari hamda loyihalar rahbarlari, OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Saylovlarning ochiqlik, oshkoralik va transparentlik kabi demokratik tamoyillarga muvofiq holda o`tkazilishida ommaviy axborot vositalari muhim ahamiyat kasb etadi.
“O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi Qonunning 5-moddasi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq ommaviy axborot vositalari saylov jarayonini keng yoritadi.
Joriy yilning 21 sentyabrida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayonini yoritish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi o`rtasida bitim imzolandi. Ushbu bitim doirasida O`zEOAVMA saylov kampaniyasi jarayonini yoritish uchun saylov mavzusida maxsus axborotlarni tayyorlashni ta`minlash, o`z a`zolari efirlarida tegishli efir vaqtini ajratish, saylovchilarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida ijtimoiy axborot kampaniyalarini olib borish kabi bir qator vazifalarni amalga oshiradi.
Yig`ilishda O`zEOAVMA va nodavlat teleradiouzatuvchilarning mazkur bitim asosida 2016 yil 4 dekabrda bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayonini yoritish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi muhokama qilindi.
Tadbir doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayonini yoritish bo`yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturi va har bir hududiy teleradiostansiya bo`yicha tuzilgan media rejani amalga oshirish uchun nodavlat teleradiouzatuvchilarning moddiy-texnika bazasini, jumladan, studiyalar jihozlanishini tartibga solish va zarur anjomlar bilan ta`minlash yuzasidan bajarilishi lozim bo`lgan masalar ko`rib chiqildi.
Shuningdek yig`ilishda Markaziy saylov komissiyasi matbuot hizmati rahbari N.Nurmatov O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayonini O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Asosiy tadbirlar dasturiga binoan respublika ommaviy axborot vositalarida yoritishning xususiyatlari to`g`risida jurnalistlarga seminar-trening olib bordi va ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga atroflicha javob qaytardi.
Konferensiya davomida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan e`lon qilingan 7-grant tanlovida O`zEOAVMAga a`zo nodavlat teleradiostansiyalarning O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayoni yoritish bo`yicha loyihalari bilan ishtirok etishi yuzasidan zarur chora tadbirlarni ko`rish tavsiya etildi.
Yig`ilish yakuniga ko`ra, bildirib o`tilgan fikr-mulohazalar asosida 2016 yil 4 dekabrda bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo`yicha O`zEOAVMA va nodavlat teleradiouzatuvchilarning umumiy yig`ilishi (Konferensiyasi) qarori e`lon qilindi va bir ovozdan qabul qilindi.





