Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida ichki ishlar organi xodimining ovqatlanib o`tirgan joyiga bostirib kirib, tasvirga olgan va ijtimoiy tarmoqlarga tarqatganlarga chora ko`rildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko`ra, bir necha erkak ovqatlanish shoxobchalaridan birida yo`l-patrul xizmati xodimini uchratib qolgan. Xodim mazkur shoxobchada ovqatlanayotgan paytida ular kameralar bilan uning yoniga kelib, videoga olgan va ijtimoiy tarmoqqa tarqatgan. Shundan so`ng ular 102 tezkor raqamiga qo`ng`iroq qilgan va hodisa joyiga Shahrisabz shahar ichki ishlar bo`limi tergov-tezkor guruhini chaqirib, yolg`on xabar bergan. Hodisa 26 fevral, yakshanba kuni bo`lgan.
“Choyxonaga ‘dostavka’ olish uchun kirganimda hamkasbimni uchratib qoldim. Keyin yoniga o`tirib, ofisiantga faqat choy olib kelishini so`radim. Oradan 10-15 daqiqa o`tdi, 5 ta odam videoga olib kirib keldi. Ovqatlanishga haqqim yo`qmi, deb o`zimga o`zim savol berdim. Kirib kelib, senlar bu erda nima qilib o`tiribsan, senlarga mumkinmi bu erda o`tirish, deyapti. Tashqariga chiqishimga ham qo`yishmadi”, — deydi xodim.
Holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilib, to`plangan hujjatlar chora ko`rilish uchun jinoyat ishlari bo`yicha Shahrisabz shahar sudiga yuborilgan. Shunga asosan ular Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning tegishli moddalarida ko`rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda ayblanib, 15 sutkaga qamaldi.