Samarqandda 22 yoshli yigit Samarqand viloyati IIBga ariza bilan murojaat qilib, Jomboy tumanida yashovchi 25-30 yoshlardagi ayol fuqarolarning ishonchiga kirib, shahvoniy uydirmalar uyushtirib, shuning bilan birga 2-3 nafar sportchi yigitlardan iborat jinoiy guruh tuzib, fuqarolarni qo`rqitish orqali yalang`och holatdagi tasvirlarga tushirgan va ulardan tovlamachilik yo`li bilan pul talab qilayotganligini bildirgan. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, mazkur guruh ushbu yigitni shantaj qilib, undan yozgan “Tilxati”, haydovchilik guvohnomasi va avtomashinasi texpasportini qaytarib olishi evaziga 1500 AQSh dollari miqdorida pul so`ragan.
Arizasida 22 yoshli yigit ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
Mazkur arizaga asosan Samarqand viloyat IIB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o`tkazildi. Tadbirda ayol hamda uning sheriklari ushbu yigitdan 1.500 AQSh dollari evaziga uning qarzdorlik “Tilxati”, haydovchilik guvohnomasi va texpasportini qaytarib berayotgan vaqtda daliliy ashyolar bilan ushlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.
Ayolning jinoiy sheriklari sportning “Milliy kurash”, “Qo`l jangi”, “Boks”, “Muay-tay” va boshqa turlari bilan shug`ullangan sportchilar bo`lib, ular bundan tashqari ham juda ko`p jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etganligi aniqlandi.
Ular bir nechta jinoiy qilmishlarni tashkil etuvchi hamda zo`ravonlikni targ`ib qiluvchi holatlarni, jumladan, tuhmat qilish, o`zgalar mulkini talon-taroj qilish, tovlamachilik, talonchilik hamda hujjatlarni egallash kabi qator jinoyatlarni sodir etgan.
Mazkur shaxslarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning bir necha moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.