AsosiyMutolaa

Xotinboz erkakning iqrori: «Juftimni umrbod izlayman»

— 34 yoshimda hamon bo`ydoqman. Shu paytgacha oila qurmaganimga talabalik davrimda ro`y bergan bir voqea sabab bo`lgan. O`shanda bir qizni juda sevardim. U ham menga befarq emasdi. Yaxshi o`qiganim sabab ko`pgina kursdoshlarimga kurs va diplom ishlarini yozishga yordam berardim. Kunduzi o`qirdim, kechalari yozuv-chizuvdan bosh ko`tarmasdim. Buning evaziga ishlagan pullarimni sevgilimga sovg`a-salom olib berish, restoranlardagi o`tirishlar va uning boshqa erkaliklari yo`lida sarflardim. Diplomni qo`lga kiritgach, bitiruv oqshomida bir kursdoshim sevgan qizim bilan anchadan buyon gaplashib yurganini aytdi. Buni oddiy tarzda emas, masxaraomuz qilib gapirdi. Avvaliga ishonmadim. Shu zahotiyoq sevgilimdan bu haqda so`radim. Ne ajabki, u ko`zlarimga tik qarab, «xo`sh, nima bo`pti?» dedi e`tiborsizlik bilan. Yuragim chil-chil bo`ldi. Ancha vaqt tushkunlikdan chiqa olmay, hech kim bilan gaplashmay yurdim. Keyin alamimni ichkilikdan ola boshladim. Meni bu holatdan o`ch olish hissigina qutqarib qoldi. U menga bergan ozorni boshqalarga etkazib rohatlanadigan bo`ldim. To`satdan notanish qiz bilan tanishuv, telefon raqamlar almashinuvi, bir necha bor uchrashish orqali maqsadimga osongina erishish, sal o`tgach esa qiz uchun og`ir bo`lgan xayrlashuv… Ba`zilaridan osongina qutulsam, ayrimlarining yig`i-sig`isiga chidashga to`g`ri kelardi. Bu bir tarafdan malol kelib, boshqa tomondan o`zimga bo`lgan ishonchimni orttirardi. Endi tanishlarim orasida faqatgina yosh qizchalar emas, eridan ajrashgan, ko`ngli singan juvonlar va hatto bus-butun oilali ayollar ham paydo bo`la boshladi. Deyarli barchasining qandaydir dardi bor, kimgadir suyangisi, ichini bo`shatib olgisi keladi. Oz muddatli uchrashuvlarim meni sal bo`lmasa qopqonga tushirishini tasavvur qilmagan ekanman.

Kunlarning birida uchratganim boshqalaridan batamom farq qilardi. U meni sevib qoldi, men esa uni. To`g`risi, qo`rqib ketdim. Sevishdan, kimgadir bog`lanib qolishdan xavfsirashimni tan olgim kelmasdi. Shu sabab ikkimizga qanchalik og`ir bo`lmasin, bir qancha muddat uchrashgach, undan uzoqlasha boshladim. U esa buning sababini tushuna olmay, ancha vaqtgacha qo`l telefonimga qo`ng`iroq qilib yurdi. Bazo`r o`zimni e`tiborsizdek tutardim. Keyin o`rtamizdagi masofa uzoqlashdi. Umuman uchrashmaydigan, gaplashmaydigan bo`ldik. Men esa yana ilgarigi hayot tarzimga qaytdim. Ammo endigi holat menga negadir avvalgidek yoqimli emas, zerikarlidek tuyulardi.

Oila a`zolarim uylanishim kerakligini uqdiraverib, bezor qilib yuborishdi. Ota-onamga yoqqan bir qiz bilan fotihalandim ham. Ammo kelinning kursdoshi meni tanib qolib, eridan ajrashib ketgan bir qo`shnisining yigiti ekanimni aytib beribdi. Quda tarafdan ayollar kelib, ota-onamga «o`g`lingiz suyuqoyoq ekan!» deyishganida uyatdan er yorilmadi-yu, kirib ketmadim. «Bunisi bo`lmasa, boshqasiga uylanarman», deb o`yladim. Lekin endi negadir qizlarga umuman ishonchim yo`q. Ular bilan tanishgan zahotim avvalgi tanishlarimga xayolan solishtira boshlayman, qandaydir kamchiligini izlab topaman. Nahotki endi men uchun mukammal bo`lgan qizni uchratmasam, degan qo`rquv tinchlik bermaydi…

Boshqa yangiliklar