Istiqlol mamlakatimizda xususiy mulkchilik, tadbirkorlik sinfining shakllanishiga keng yo`l ochdi. Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti boshqaruvi davrida tadbirkorlikni rivojlantirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi, qonun va qarorlar qabul qilindi. Bugungi kunda yurtimizda ish bilan band bo`lgan aholining va ishlab chiqarilayotgan yalpi milliy mahsulotning salmoqli qismi xususiy sektor hissasiga to`g`ri kelmoqda.
Hozirda yurtimizda yuzlab, minglab xususiy korxonalar faoliyat ko`rsatmoqda, ular tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlar ichki ehtiyojlarimizni qondirish barobarida tashqi bozorga ham eksport qilinmoqda. Xizmat ko`rsaish sohasida ham xususiy sektorning ulushi yildan yilga oshib bormoqda.
Yangi Farmon, yangi imkoniyatlar...
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 5 oktyabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta`minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoni bu borada yana bir muhim qadam bo`ldi.
Mazkur Farmonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta`minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo`l qo`yilmaslik tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatining muhim ustuvor yo`nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilandi.
Endilikda davlat organlari, eng avvalo, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalar o`z faoliyatida yuqorida ko`rsatilgan talabni hamda tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi tamoyilining so`zsiz amalga oshirilishini ta`minlaydi.
Ushbu muhim hujjatda tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik va to`sqinlik qilganlik, ularning faoliyatini asossiz to`xtatib qo`yganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi to`g`risidagi qonun talablari qat`iy bajarilishini, shuningdek, tadbirkorlik sub`ektlariga etkazilgan zararning bevosita aybdorlardan undirilishini ta`minlash ham belgilab berildi.
2017 yilning 1 yanvaridan boshlab...
Mazkur farmonda belgilanganidek. Yangi yilning boshidan tadbirkorlik sub`ektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning deyarli barcha turlari bekor qilinadi. Shuningdek, tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatini, shu jumladan, jinoyat ishlari doirasidagi muqobil tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinadi. Moliya-xo`jalik faoliyatini amalga oshirishda birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik sub`ektlari va ularning xodimlari yo`l qo`yilgan qonunbuzarliklarni qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va etkazilgan moddiy zararni qoplagan taqdirda, (insonning sog`lig`i va hayotiga zarar etkazilgan holatlar bundan mustasno) ma`muriy va jinoiy javobgarlikdan, jarimalar va moliyaviy sanksiyalar (penyadan tashqari) qo`llanilishidan ozod etiladilar;.
Noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog`liq huquqbuzarliklarni birinchi marta sodir etgan shaxslar
-
huquqbuzarlik aniqlangan kundan e`tiboran bir oy muddatda etkazilgan zararning o`rnini ixtiyoriy ravishda qoplasalar,
-
tadbirkorlik sub`ekti sifatida ro`yxatdan o`tsalar
-
zarur hujjatlarni rasmiylashtirsalar, ma`muriy va jinoiy javobgarlikdan ozod etiladilar.
Ushbu farmonga muvofiq, tadbirkorlik sub`ektlariga nisbatan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jinoiy jazo qo`llanilmaydi. Shu munosabat bilan Jinoyat kodeksiga, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga, Soliq kodeksiga va bir qancha boshqa qonunlarga tegishli o`zgartirish va qo`shimchalar kiritiladi.
Xorijiy investisiyalar ishtirokidagi yangidan tashkil etiladigan ishlab chiqarish korxonalariga ularni davlat ro`yxatidan o`tkazish vaqtida amalda bo`lgan soliq va boshqa majburiy to`lovlar stavkalarini (resurs va bojxona to`lovlari bundan mustasno) besh yil mobaynida qo`llash huquqi beriladi.
Tadbirkorlik sub`ektlari hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to`g`risida ariza bergan taqdirda davlat boji to`lashdan ozod etiladilar. tadbirkorlik sub`ektlarining eksport kontraktlarini davlat bojxona xizmati organlarida hisobga qo`yish borasidagi talab valyuta nazorati organlari tomonidan Tashqi savdo operasiyalarining yagona elektron axborot tizimi orqali tashqi savdo kontraktlari nazorati va monitoringini saqlab qolish sharti bilan bekor qilinadi.
eksport qilinayotgan tovarlarning kelib chiqishi to`g`risidagi sertifikat ilgari xuddi shunday tovar uchun aynan sertifikat olgan arizachiga bir ish kuni mobaynida beriladi.
Yangi institut tashkil etiladi
Prezident Farmoniga ko`ra, Oliy Majlis palatalariga Parlament huzuridagi Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakil institutini tashkil etish masalasini ko`rib chiqish tavsiya etildi.
Ushbu institut tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish, tadbirkorlik sub`ektlarining faoliyati tekshirilayotganda ularni huquqiy qo`llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to`g`risidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda ro`yobga chiqarilayotganligini o`rganish, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilishiga ta`siri samaradorligini baholash singari vakolatlarga ega bo`lishi nazarda tutilgan.
Uzviylik va izchillik kafolati
Mazkur Farmonda tegishli vazirlik va idoralarga soliqlar va boshqa majburiy to`lovlarni yig`ish xarajatlarini kamaytirish, valyutani tartibga solishning va valyutalar kursi siyosatining ilg`or bozor mexanizmlarini joriy etish, tadbirkorlik sub`ektlari faoliyati yuzasidan tekshirishlar borasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, ular faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish, bank faoliyatini tartibga solishning zamonaviy tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish singari masalalarga yo`naltirilgan asoslangan takliflar kiritish vazifasi yuklatildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu Farmoni, eng avvalo, xususiy mulkni xuquqiy himoya qilishni yanada kuchaytirishga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga va har tomonlama qo`llab-quvvatlashga, respublikaning investisiyaviy jozibadorligini oshirishga yo`naltirilgan va ushbu sohada davlat siyosatining sifat jihatidan yangi darajaga o`tishidan dalolat beradi.
Farmon qoidalarini amalda ro`yobga chiqarish maqsadida tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish, xususiy mulkchilikni har tomonlama himoya qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatdan yaxshilash borasida beshta eng ustuvor soha bo`yicha 42 ta aniq chora-tadbir amalga oshirilishini nazarda tutuvchi Kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Shu bilan birga, farmonda ilg`or xorijiy tajribani inobatga olgan holda texnik talablar (sanitariya, ekologiya, shaharsozlik normalari va qoidalari, yong`in xavfsizligi qoidalari, standartlashtirish va boshqalar) kabi maxsus normativ hujjatlarni, samarasiz, eskirgan va bozor mexanizmlarining o`rnini egallab olgan normalarni bekor qilish yuzasidan tanqidiy qayta ko`rib chiqish nazarda tutilgan.
Farmonning amalga oshirilishi mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishning asosiy omili sanaladi. U tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish yo`lidagi g`ovlar va to`siqlarni bartaraf etish yuzasidan O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti belgilagan yo`lning uzviyligi va izchilligini ta`minlash imkonini beradi.
Tadbirkorlar nima deydi?
Gulnora Rixsieva, MChJ "Zamona Rano" direktori: — Biz bu farmon bilan tanishib, imkoniyatlarimiz yanada kengayganidan xursand bo`ldik. Hozirga qadar biz uchun yaratilgan sharoitlar tufayli o`z ishimizni yo`lga qo`yib, rivojlantiryapmiz. Biz bu imkoniyatlardan foydalanib yanada g`ayrat bilan ishlashimiz kerak.
XK “Tadjixodjaev» direktori Hojiakbar Tadjixodjaev
-
Dunyoning biror mamlakatida tadbirkorlarga bizdagidek e`tibor berilmasa kerak deb o`ylayman. Shu paytgacha bizning faoltiyatimizni himoyalash uchun qancha-qancha farmon, qaror va qonunlar qabul qilindi. Mazkur farmonda ham biz uchun ko`plab imtiyozlar nazarda tutilgan. Bilib bilmay xatoga yo`l qo`ygan tadbirkorlar uchun ma`muriy va jinoiy jazoalrning engillashtirilishi ham bu sohani rivojlantirishga katta e`tibor natijasidir.
OAV materiallari asosida tayyorlandi.