AsosiyJAMIYAT

Karvaxal Italiyaga yo‘l olishi mumkin — “Inter” asosiy da’vogar

Unga “Inter” klubi eng jiddiy qiziqish bildirmoqda.

'Karvaxal Italiyaga yo‘l olishi mumkin — “Inter” asosiy da’vogar'ning rasmi

“Real Madrid” himoyachisi Dani Karvaxal mavsum yakunida klubni erkin agent sifatida tark etishi va faoliyatini Italiya Seriya Ada davom ettirishi mumkin. Unga “Inter” klubi eng jiddiy qiziqish bildirmoqda.

Italiyaning “Inter” jamoasi “Real Madrid” bilan shartnomasi yakunlanish arafasida turgan 34 yoshli ispaniyalik himoyachi Dani Karvaxalni o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Fichajes” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, milanliklar tajribali futbolchini erkin agent sifatida olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Klub bosh murabbiyi Kristian Kivu Karvaxalning yetakchilik fazilatlari va muhim o‘yinlardagi barqaror o‘yinini yuqori baholamoqda.

Shuningdek, “Inter” qanot himoyachisi Denzel Deymfris jamoani tark etishi mumkinligi bois, ushbu pozitsiyani kuchaytirishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan.

Karvaxalga shuningdek “Yuventus”, “Komo” va “Milan” kabi klublar ham qiziqish bildirmoqda, biroq hozircha asosiy da’vogar sifatida “Inter” ko‘rsatilmoqda.

Ma’lumot uchun, Dani Karvaxal “Real Madrid” akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, klub safida 20 yildan ortiq faoliyat yuritgan. U madridliklar bilan 27 ta sovrin qo‘lga kiritgan, jumladan, 6 marta Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan.

    Boshqa yangiliklar