Gohida aktyor va aktrisalarning salbiy rol ijrosidan cho`chishi haqida eshitib qolamiz. Ayniqsa, qahramon fojiali vafot etsa, biror duoibadga yo`liqsa yoxud bedavo dardga chalinsa, yuragida o`ti borlar ham o`ylanib qolishadi. Aslida ham ekrandagi rollar hayotga ko`chishi rostmi? Afsuski, ayrim xorij ijodkorlarining taqdiri ekrandagi kabi yakun topgan...
“USTA VA MARGARITA”NING G`OYIB BO`LIShI
Mazkur asarda rol ijro etishni ko`pchilik san`atkorlar istamagan. Asarni teatrda sahnalashtirish uchun ham ko`p yillar kerak bo`ldi. Chunki rolga tasdiqlanganlar kutilmaganda xastalanib qolishar yoki biror falokatga yo`liqishar edi.
90-yillarda rejissyor Yuriy Kara filmni o`z talqinida suratga oladi. Kartina premerasi 1994 yilga belgilangandi. Biroq noma`lum sabablarga ko`ra filmni qayta suratga olishni boshlashdi. Ko`p o`tmay, rejissyor va prodyusser o`rtasida nizo kelib chiqib, ish sudgacha etib boradi. Sodir bo`layotgan voqealar xuddi “Usta va Margarita” ommaga havola etilmasligi uchun atay qilinayotganga o`xshardi. Ammo bu kimga kerak? Yoki kim amalga oshirayapti? Ijodiy guruh ichida tushunmovchiliklar tugallangunicha asarning asl nusxasi prodyusserlik kompaniyasining qo`riqlash xizmati boshlig`iga topshiriladi. Ammo ko`p o`tmay, uning vafot etgani haqida xabar keladi. Asl nusxa ham izsiz yo`qolgan. Bir asr kutilgan premera esa 2011 yilda amalga oshiriladi. Bu safar “Usta va Margarita” ijodkorlarga shafqat qildi chog`i, biror ko`ngilsizlik kuzatilmadi.
BETMEN RAQIBINING FOJIALI O`LIMI
Ko`rshapalak niqobida harakatlanuvchi superqahramonning raqibi yovuz Jokerni ilk bor Jek Nikolson ijro etgan. O`shanda aktyorning taqiqlangan preparatlar qabul qilishi haqida xabar tarqagandi. Uning o`zi ham qandaydir tushunarsiz holatda bo`lganini ko`p bor ta`kidlaydi. Filmning keyingi qismlarida bu rol Xit Ledjerga beriladi. Premeradan so`ng Xit suratga olish davomida kuchli ta`sirga ega antidepressant qabul qilgani fosh bo`ladi. Uni bu ishga nima majbur qilgan? Nahot rol bo`lsa? Axir yovuz qahramonni gavdalantirish oson ish emas. Muxlislar aktyorga yon bosishga harakat qilishgan bo`lsa-da, rafiqasi ham so`nggi paytlarda Xitning o`zgarib qolganini aytadi. Film katta ekranlarga chiqqanidan so`ng Ledjerni jonsiz holatda topishadi. Guvohlarning so`zlariga qaraganda, jasad atrofida turli preparatlar qutisi sochilib yotgan. Aktyor obrazdan chiqib ketolmaganidan dori miqdorini oshirib yuborib, halok bo`ladi. Qizig`i, Ledjer vafot etganida ham Joker grimida edi. Filmda ham Joker o`limi haqida shunday sahna bor.
“SUPERMEN”NING QURBONLARI
G`ayritabiy kuchga ega milliy qahramon to`g`risidagi film atrofida g`alati gaplar yuradi. Aytishlaricha, bosh rol obrazining allaqanday duoibadi bor emish...
La`natlangan rol zanjiri Supermenning ilk ijrochisi Kirk Elindan boshlanadi. Shu roldan so`ng aktyorning karreasi chappasiga ketdi. Yaxshiyam keyingi qurbonlar singari baloyu ofatlarga uchramadi, tirik! Supermenning ikkinchi ijrochisi Jorj Rivz esa o`z uyida o`lik holatda topilgan. Yonida miltiq bo`lsa-da, chindan o`z joniga qasd qilganmi yoki qotillikmi, bu shu kungacha ma`lum emas. Film qahramonini to`rt karra ijro etib, hech qanday duoibad yo`qligiga ishontirishga uringan Kristofer Riv keyingi voqealarni xayoliga ham keltirmagan bo`lsa kerak. Avvaldan sport bilan shug`ullanib kelgan Riv otdan yiqilib, umurtqasi jiddiy shikastlanadi. Bunday jarohat bilan na katta sportda, na ekranga chiqib bo`lardi.
Duoibat nafaqat bosh qahramonni, balki uning sevgilisini ijro etgan aktrisalarni ham ayab o`tirmadi. Rivga partnyorlik qilgan aktrisa Margo Kidlerda biopolyar buzilish holati aniqlanadi. Kunlardan birida esa Margo bir necha kun izsiz g`oyib bo`ladi. Qidiruv davomida uni ko`cha daydilari orasidan topishadi.
“Supermenning qaytishi” nomi bilan filmning yangi qismlarini suratga olgan prodyusser Rob Barnett irimlarga ishonmasligini aytganidan keyin oradan ko`p o`tmay, ko`cha bezorilari tomonidan kaltaklanadi. Uning assistentlari esa suratga olish maydonida zinadan qulab tushib, tan jarohati olishadi. Film muharriri Adam Robitelning umurtqasi baxtsiz hodisa tufayli jarohat oladi.
Shunisi qiziqki, duoibat chindan bo`lsa, nega u ayrim aktyorlarni chetlab o`tgan? Masalan, 2006 yil bosh rol uchun hech kimga tanish bo`lmagan aktyor Brendon Rut sinov topshiradi. Bu unga omad keltiradi. “Supermen” Genri Kavill uchun ham baxtli chipta bo`lgan. 2006 yildagi sinov ko`rigidan o`tolmagan bo`lsa-da, 2013 yildagi “Po`lat odam” filmiga tasdiqlanadi.