AsosiyJamiyat

Toshkentda zamonaviy shifoxona binosi foydalanishga topshirildi

Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 4-shahar klinik shifoxonasi tubdan rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan bo`lib o`tgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, shifokorlar ishtirok etdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda

Tadbirda so`zga chiqqanlar mamlakatimizda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog`liqni saqlash tizimini isloh etish borasida amalga oshirilgan uzluksiz chora-tadbirlar inson salomatligini asrash va jamiyat taraqqiyotini yuksaltirishning muhim omili bo`layotganini alohida ta`kidladi. 

“Sog`lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida bu boradagi ishlar ko`lami tobora kengaymoqda. 4-shahar klinik shifoxonasi poytaxtimizning Yashnobod, Bektemir, Mirobod, Mirzo Ulug`bek, Sergeli tumanlari aholisiga xizmat ko`rsatadi. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2013 yil 18 noyabrdagi O`zbekiston Respublikasining 2014 yilgi investisiya dasturi to`g`risidagi qarori asosida ushbu tibbiyot muassasasida bosqichma-bosqich qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Bu ishlarga 27 milliard so`mdan ko`proq mablag` yo`naltirildi. 

Rekonstruksiya ishlari natijasida klinikaning barcha bo`limlari zamonaviy qiyofaga kirdi. Binolarning atrofi tubdan obodonlashtirilib, yashil hududlar barpo etildi. Barcha bo`limlar jahon tibbiyotining eng so`nggi yutuqlari asosida yangi tibbiy diagnostika vositalari, jihozlar bilan ta`minlandi. Zamonaviy UTT, MSKT, rentgen, laparoskopik vositalar, fizioterapiya muolajalarini o`tkazishda qo`llaniladigan tibbiy asbob-uskunalar bunga misoldir. 
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari A.Ikromov so`zga chiqdi.

Boshqa yangiliklar