Bugun Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ettinchi yalpi majlisi bo`lib o`tdi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a`zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.
Yalpi majlis o`z ishini O`zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev tomonidan parlamentning yuqori palatasiga kiritilgan “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining yigirma to`rt yilligi munosabati bilan amnistiya to`g`risida”gi masalani ko`rib chiqish bilan boshladi.
Ushbu masala yuzasidan Senat Qarori qabul qilindi. Qarorda ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to`lmagan shaxslar, 60 yoshdan oshgan erkaklar, chet davlatlar fuqarolari, shuningdek qonunda belgilangan tartibda 1 yoki 2-guruh nogironlari deb topilgan shaxslar, boshqa toifadagi qator fuqarolarni (ayrim cheklovlarni hisobga olgan holda) jazodan ozod etish nazarda tutilgan. Shuningdek amnistiya to`g`risidagi qaror tatbiq etilmaydigan shaxslar toifalari ham belgilangan. Ular qatoriga o`ta og`ir jinoyat sodir etganlar kiradi.
Qarorda amnistiya hujjati bo`yicha jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod etilishi lozim bo`lgan shaxslarga nisbatan ishlar hamda materiallarni sudda ko`rib chiqish tartib-taomili belgilab berilmoqda. Amnistiya to`g`risidagi qaror e`lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi va 3 oy davomida ijro etiladi. Uning ochiq-oshkora bajarilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazorati amalga oshiriladi.
Qarorda muayyan toifadagi shaxslarni javobgarlik yoki jazodan nafaqat ozod qilish, balki ularni davolash, ishga joylashtirish, shuningdek jazodan ozod etilayotgan shaxslarni ijtimoiy reabilitasiya qilish va hayotga moslashtirishni belgilab beruvchi bir qator tadbirlar ham ko`zda tutilgan.