AsosiyJinoyat

Andijonda 52 yoshli ayol 9 kilodan ortiq gashish bilan qo`lga tushdi

'Andijonda 52 yoshli ayol 9 kilodan ortiq gashish bilan qo`lga tushdi'ning rasmi

DXX tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlarda qariyb 14 kg giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo`yildi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Andijon shahrida o`tkazilgan tezkor tadbirda, Oltiariq tumanida yashovchi, 1971 yilda tug`ilgan, muqaddam sudlangan ayol qirg`izistonlik narkokurerlar kontrabanda yo`li bilan etkazib bergan 9 kilo 57 gramm gashishni qabul qilib olib, Farg`ona shahri tomon harakatlanmoqchi bo`lganida ushlangan.

DXX Qashqadaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi, viloyat ichki ishlar va bojxona boshqarmalari xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda esa Ko`kdala tumanidagi “Umakay” YPX maskanida Toshkent shahri tomon harakatlanayotgan, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1986 yilda tug`ilgan fuqaro boshqaruvidagi Cobalt to`xtatilib, ko`zdan kechirilganda, yukxonasida 2 kilo opiy va 550 gramm gashish borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, Tojikistondan keltirilgan giyohvand moddani Toshkent shahrida qabul qilib olgan vaqtida Denov tumanida yashovchi, 1994 yilda tug`ilgan shaxs ham ushlangan.

DXX Namangan viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Uchqo`rg`on tumanida yashovchi, 1974 yilda tug`ilgan fuqaroga tegishli dala hovli xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilgan.

Natijada, Qirg`izistondan aylanma yo`llar orqali olib kelingan 1 kilo 390 gramm gashish borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Ma`lum bo`lishicha, ushbu fuqaro 12 ming AQSh dollariga sotib olingan narkotikni qayta sotib, mo`may daromad topishni rejalashtirgan.

DXX Toshkent shahar va Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Qo`qon shahrida o`tkazilgan tezkor tadbirda, 1986 yilda tug`ilgan mahalliy fuqaro 974 gramm gashishni AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlangan.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, u giyohvand moddani hamshahari, 1989 yilda tug`ilgan fuqarodan olgani ma`lum bo`lib, u ham qo`lga olingan. Ushbu narkotik modda ham Qirg`izistondan olib kelingan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan DXXning joylardagi tergov bo`limlari tomonidan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar