Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida videoselektor yig`ilishi boshlandi.
Davlatimiz rahbari so`zining avvalida donishmand xalqimiz 9 iyul kuni juda katta siyosiy tadbirni yuqori saviyada, yorug` yuz bilan o`tkazganini qayd etdi.
Yangilangan Konstitusiya asosida bo`lib o`tgan saylovlarda fuqarolarimiz yuksak uyushqoqlik ko`rsatib, o`zlarining siyosiy madaniyati va faolligini namoyon qilgani va buni jahon hamjamiyati ham e`tirof etayotgani ta`kidlandi.
“Biz barchamiz O`zbekiston degan qadimiy, go`zal va betakror yurt farzandlarimiz. Shu qutlug` zaminda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillarining bugungi hayoti, taqdiri va kelajagi ham bir.
Barchamiz uchun Vatan va xalq manfaatlari muqaddas va eng ustuvor maqsaddir. Saylov jarayonida hammamiz uchun mushtarak bo`lgan ana shunday ulug` g`oyalarni etakchi o`ringa qo`ygan barcha nomzodlarga o`z tashakkurlarimni aytaman”, - dedi Prezident.
Davlat rahbari saylovda faol ishtirok etgan, o`zining xohish-irodasi, yuksak siyosiy ongi va huquqiy madaniyatini yaqqol namoyon etgan, keng ko`lamli demokratik islohotlarni qo`llab-quvvatlab kelayotgan barcha vatandoshlarimizga, butun xalqimizga samimiy hurmat-ehtiromini izhor etdi.
“Bor bilim va tajribamni, kuch-g`ayratimni mehnatkash, mard va olijanob xalqimizning menga bildirgan yuksak ishonchini oqlash uchun safarbar etishga, bu yo`lda, kerak bo`lsa, jonimni ham fido qilishga tayyorman”, - dedi Prezidentimiz.
Saylovni yuqori saviyada tashkil etgani uchun Markaziy saylov komissiyasi, saylov okruglari va uchastkalariga, xorijdagi saylov uchastkalariga kelib, o`zining siyosiy irodasini namoyon qilgan vatandoshlarimizga, Haj ziyorati davomida faol bo`lib, saylovda ovoz bergan hojilarga, tinchlik va osoyishtalikni ta`minlagani uchun huquq-tartibot idoralari xodimlariga, shuningdek, saylov jarayonlarini xolisona baholab, haqqoniy yoritib borgan mahalliy va chet ellik kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillariga minnatdorchilik bildirildi.