Kuni kecha, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida quriladigan avtomobil yo`li sabab umumiy hisobda 70 mingga yaqin daraxt ildizi bilan kesilishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
Vazirlik daraxtlar yo`qotilishiga qat`iyan qarshi
Ekologiya, atrof-muhitni muxofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherboev holat bo`yichv vazirlik pozisiyasini bildirdi. Unga ko`ra, vazirlik daraxtlar yo`qotilishiga qat`iyan qarshi. Xususan:
Ekologiya, atrof-muhitni muxofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziriligiga:
– A-380 “G`uzor - Buxoro - Nukus - Beyneu” avtomobil yo`lining 150-228 km (78 km) qismini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida avtomobil yo`lining kengayishi hisobiga 31 371 tup daraxtlarni ko`chirishga ruxsat berish;
– Surxondaryo viloyatining “4R105 “Darband - Boysun - Elbayon” avtomobil yo`lining 5-70 km va 4R100 “Mang`uzor - Jarqo`rg`on - Bandixon - Oltinsoy - Denov” avtomobil yo`lining 128-174- km qismlarini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida 22615 tup daraxtlarni ko`chirish yoki kompensasiya to`lovlarisiz kesishga ruxsat berish masalasida murojaatlar kiritilgan.
Sobiq deputatning ta`kidlashicha, vazirlik tomonidan daraxtlarni kesishga qarshi Prezident Farmoniga asosan joriy etilgan moratoriy talablaridan kelib chiqib, har ikkala holatda ham rad javobi berilgan. Va bundan buyon ham ruxsat berishga doir har qanday murojaat va topshiriqlarga rad javobi beriladi.
Mazkur masala kuni kecha Ekologiya, atrof-muhitni muxofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri A.Abduxakimov ishtirokida takroran muhokama qilinib, moratoriy talablariga qat`iy rioya qilgan holda daraxtlarni saqlab qolish bo`yicha vazirlikning pozisiyasi ishlab chiqilib, tez kunlarda ikkala hududda ham bu masalada jamoatchilik ishtirokida eshituv tashkil etilishi belgilandi.
️Ta`kidlash joizki, vazirlik daraxtlar yo`qotilishiga doir mazkur loyihalar bo`yicha o`z pozisiyasida qat`iy va bunday buyon ham shunday bo`lib qoladi.
Shuningdek, masalaga O`zbekiston Ekologik partiyasi ham aralashdi.
Partiya e`lon qilgan rasmiy munosabatga ko`ra, O`zbekiston Ekologik partiyasi mavjud holatni to`la o`rganib chiqish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari, olim va mutaxassilarni jalb qilgan holda hududga jo`nab ketishdi.
"Biz o`rganish natijalari bo`yicha jamoatchiligimizni hamda ekofaollarimizni albatta xabardor qilamiz. Daraxtlarni saqlab qolish, atrof-muhitimizga xavf soladigan barcha holatlarni bartaraf etish choralarini ko`rish bo`yicha davlat organlariga o`z takliflarimizni beramiz va nazoratimizga olamiz",–deyiladi partiya munosabatida.






