Farg`ona va Xorazmda OTMga o`qishga kiritish bilan bog`liq noqonuniy holatlarga chek qo`yildi, deya "darakchi.uz"ga xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Xususan, davlat xavfsizlik xizmatining Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, Qo`qon shahridagi banklardan birining mutaxassisi o`zganing ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari yordamida, uning o`g`lini Qo`qon davlat pedagogika institutiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, u ushbu pul mablag`ini mazkur oliy ta`lim muassasasida dekan lavozimida ishlovchi shaxsga berishi kerakligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va u ham pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Farg`ona shahridagi xususiy universitet direktorining o`rinbosari muqaddam firibgarlik bilan bog`liq jinoyati uchun sudlangan bo`lsada, o`z xatosidan to`g`ri xulosa chiqarmasdan, aksincha, fuqaroning Qirg`iz Respublikasi O`sh davlat pedagogika universitetidagi o`qishini Chirchiq davlat pedagogika institutiga ko`chirib berish evaziga 2,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Xorazm viloyatida kuzatilgan holatda, Urganch tumanida yashovchi, 1998 y.t. shaxs o`zganing ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari yordamida uni Urganch davlat universitetining Boshlang`ich ta`lim yo`nalishiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 3,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.