Evropa Ittifoqi Kengashi Eronda inson huquqlarining jiddiy buzilishiga mas`ul bo`lgan to`rt shaxs va oltita tashkilotga qarshi sanksiyalarning o`ninchi bosqichini joriy qildi.
Ushbu paket 2022 yil 16 sentyabrda Mahsa Aminiyning Eron axloq polisiyasi tomonidan o`ldirilganining bir yilligi munosabati bilan e`lon qilingan.
Sanksiyalar Markaziy xavfsizlik shtab-kvartirasida joylashgan Islom inqilobi qo`riqchilari korpusi bosh qo`mondoni o`rinbosari hamda Mozandaron va Fors viloyatlari polisiyasi komandirlariga qaratilgan.
Bundan tashqari, ro`yxatga Kachuy qamoqxonasi va uning direktori hamda yana uchta Eron qamoqxonasi kiritilgan. Shuningdek, Tasnim agentligi va Kibermakon bo`yicha Oliy Kengashga qarshi ham sanksiyalar joriy qilingan.
Cheklov choralari jami 227 nafar jismoniy va 43 yuridik shaxsga nisbatan qo`llaniladi. Bular orasida aktivlarni muzlatish, Evropa Ittifoqiga sayohat qilishni taqiqlash va ro`yxatga kiritilgan shaxslarga mablag` yoki iqtisodiy resurslar taqdim etmaslikni o`z ichiga oladi. Shuningdek, Eronga ichki repressiya uchun ishlatilishi mumkin bo`lgan asbob-uskunalar va telekommunikasiyalarni kuzatish uchun uskunalar eksportini taqiqlash ko`zda tutilgan.
Ma`lumot uchun, o`tgan yilning sentyabr oyida 22 yoshli Mahsa Amini - kurd ayoli Eron axloq polisiyasi tomonidan hijobni "noto`g`ri o`ragani" uchun hibsga olingan va shundan so`ng uning jasadi hibsxonadan chiqqandi. Polisiya uning o`limidagi ishtirokini rad etib kelgan bo`lsa-da, mamlakat faollari ushbu voqeada aynan shu idorani ayblab kelgan. Mahsa Amini voqeasi nafaqat Eronda, balki boshqa mamlakatlarda ham bir qator namoyishlarga sabab bo`lgan edi.
O`sha voqea sabab Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a`zo davlatlar Eronni ayollar huquqlarini himoya qiluvchi asosiy tashkilotdan chetlatdi.