Ijtimoiy tarmoqlarda dunyoning qator davlatlarida koronavirusning pirola nomli yangi shtammi keng tarqalayotgani haqida xabarlar paydo bo`ldi. Sanepidqo`mita mazkur xabarlar yuzasidan ma`lumot berdi.
Unga ko`ra, mazkur mutasiya Isroil, Kanada, Daniya, Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika, Shvesiya, Norvegiya, Shveysariya, Tailand va AQShda ro`yxatga olingani haqida xabarlar tarqalmoqda. Hozirgacha bo`lgan davrda mamlakatda va qo`shni davlatlarda koronavirusning ushbu shtammi bilan kasallanganlar qayd etilmagan.
Sanepidqo`mitaning Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida virus genomini o`rganish (sekvenlash) bo`yicha o`tkazilgan so`nggi tahlillar natijasiga ko`ra mamlakatda kasallanganlarning 100 foizida omikron shtammining turli variantlari ekani aniqlangan.
“Yuqoridagi ma`lumotlardan xulosa qiladigan bo`lsak, hech qanday xavotirga o`rin yo`q, mamlakatimizda epidemik vaziyat barqarorligicha saqlanmoqda”, — deyiladi xabarda.