AsosiyJamiyat

Suv xo`jaligini rivojlantirishning 10 yillik konsepsiyasi: maqsad va rejalar

'Suv xo`jaligini rivojlantirishning 10 yillik konsepsiyasi: maqsad va rejalar'ning rasmi

Biz suv tanqisligi davriga qadam qo`ydik. Bu muammo bor va buyog`iga tobora jiddiylashib boraveradi. Suv tanqisligi, ushbu vaziyatga ta`sir ko`rsatuvchi omillar, jumladan, iqlim o`zgarishi, aholi sonining o`sishi, suvga bo`lgan talabning oshib borishi kabi omillarni aniqlash, doimiy kuzatish va tahlil qilish zarur. Bunga esa avvalo qonuniy baza kerak.

2019-2020 yillar mobaynida suv xo`jaligi sohasini tartibga soluvchi jami 30 ga yaqin qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 iyuldagi Farmoniga muvofiq tasdiqlangan Konsepsiya ular orasida eng muhim hujjatlardandir. Konsepsiya sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish va suv xo`jaligini rivojlantirish bo`yicha qator dolzarb vazifalar hamda ustuvor yo`nalishlarni o`z ichiga olgan.

Mazkur hujjatda 2030 yilga qadar quyidagi maqsadlar nazarda tutilgan:

  • sug`orish tizimlarining foydali ish koeffisientini 0,63 dan 0,73 gacha oshirish;

Ya`ni, masalan, 1 tonna suv bilan hozir bizning dehqonlarimiz 63 sotix erni sug`orayotgan bo`lsa, yangi texnologiyalarni joriy qilish, suv isrofgarchiligiga chek qo`yish hisobiga endi 1 tonna suv 73 sotix erni sug`orishga etkaziladi. Qishloq xo`jaligi iqtisodiyotimizning asosiy tarmoqlaridan ekanligini, sug`orilayotgan maydonlar hajmini hisobga olib aytish mumkinki, bu raqam juda katta farqni anglatadi.

  • suv ta`minoti past bo`lgan sug`oriladigan er maydonlarini 560 ming gektardan 190 ming gektargacha kamaytirish;

O`zbekiston qishloq xo`jaligida foydalaniladigan erlar ikki xil toifaga ajratiladi. Birinchisi, tabiiy yomg`ir bilan sug`oriladigan lalmi erlar. Ikkinchisi, sun`iy sug`orish tarmoqlari orqali suv etib boradigan erlar. Barcha meva-sabzavotlar, paxta va g`alla hosilining asosiy qismi ana shu ikkinchi toifa erlarda etishtiriladi. Biroq, ko`plab sug`orish tarmoqlari (ariqlar, kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlari) o`tgan asrda barpo etilgan bo`lib, ular dalalarga etarlicha suv etkazib bera olmayapti. Natijada, er yaroqsiz holatga kelib qoladi. Hozirga kelib bunday erlarning umumiy maydoni 560 ming gektarni tashkil qiladi. Konsepsiyaning ikkinchi maqsadi sug`orish tarmoqlarini ta`mirlash va yaxshilash evaziga ushbu ko`rsatkichni 190 ming gektargacha kamaytirishdir. Yana bir muhim jihat shuki, eskirgan sug`orish tarmoqlari suv yo`qotishlarining bosh sababchilaridandir.

  • sho`rlangan sug`oriladigan er maydonlarini 226 ming gektarga kamaytirish;

Etarlicha hosil olish uchun sho`rlangan er «yaxshi» erga qaraganda bir necha marta ko`p sug`oriladi. Bu esa ortiqcha mehnat, elektr energiyasi, suv ishlatiladi deganidir. Ekologiyaning buzilishi sababli O`zbekistonda erlarning sho`rlanish jarayoni davom etmoqda.

  • Suv xo`jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarining yillik elektr energiyasi iste`molini 25 foizga kamaytirish;

Qishloq xo`jaligi erlarini sug`orishda eng ko`p ishlatiladigan resurslardan birinchisi suv bo`lsa, ikkinchisi nasos stansiyalari tomonidan ishlatiladigan elektr energiyasidir. Suv xo`jaligi vazirligidan olingan ma`lumotlarga ko`ra, 2022 yilda sug`orish maydonlaridagi nasos stansiyalari 4 850,4 mlrd. so`mlik elektr energiyasi sarf qilgan. O`zbekistonda bu ko`rsatkich Markaziy Osiyodagi o`rtacha ko`rsatkichdan 41% baland.

  • barcha irrigasiya tizimi ob`ektlariga «Aqlli suv» suv o`lchash va nazorat qilish qurilmalari o`rnatilib, suv hisobini yuritishda raqamli texnologiyalarni joriy etish;

Hozirga kelib rivojlangan mamlakatlarda qishloq xo`jaligiga raqamli texnologiyalar shiddat bilan kirib kelmoqda. Dronlar, GPS, «aqlli» sug`orish va o`g`itlash texnologiyalari, ekin maydonlarini kompyuter yordamida modellashtirish va monitoring qilish, ob-havo va shamol tahlillari kabi narsalardan allaqachon foydalanishmoqda. Konsepsiyadagi bu maqsad aynan shunga qaratilgan – raqamlashtirish orqali suv sarfini o`lchash va nazorat qilish.

  • 100 ta yirik suv xo`jaligi ob`ektida suvni boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish;

Bunda AQSh, Xitoy, Turkiya, Avstraliya singari xorijiy mamlakatlarning suv xo`jaligi ob`ektlarini modernizasiya qilish bo`yicha tajribalaridan foydalaniladi.

  • suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan erlarning umumiy maydonini 2 million gektargacha, shu jumladan, tomchilab sug`orish texnologiyasini 600 ming gektargacha etkazish;

Bu ko`rsatkich bo`yicha O`zbekiston bugungi kunda Markaziy Osiyoda 1 o`rinda, MDH davlatlari orasida 2 o`rinda, Osiyo davlatlari orasida 4 o`rinda, dunyoda esa 13 o`rinda turibdi. Konsepsiyada respublikadagi barcha ekin maydonlari ushbu texnologiyalar bilan qamrab olish maqsad qilingan.

  • suv xo`jaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida 50 ta loyihani amalga oshirish.

Shuningdek, Konsepsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo`yicha «Yo`l xaritasi», asosiy maqsadli ko`rsatkichlar va indikatorlar belgilangan.

Konsepsiya suv xo`jaligidagi strategik yo`nalishlarni belgilaydi, bu esa mamlakat suv resurslaridan oqilona foydalanish imkonini beradi.

Asosiy maqsad – suvdan foydalanishda iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy muvozanatni ta`minlash. Shu yo`l bilan suv ekotizimlarini saqlash, suv ifloslanishining oldini olish va aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash.

Ushbu hujjat muvaffaqiyatli amalga oshirilib, irrigasiya tizimi butun respublika bo`yicha rivojlantirilsa, qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirishni ko`paytirish va oziq-ovqat mahsulotlari importiga qaramlikni kamaytirishga xizmat qilishi shubhasiz

    Boshqa yangiliklar