AsosiyJamiyat

O`zbekistonda fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurganlik uchun belgilangan ma`muriy javobgarlik bekor qilinmoqda

'O`zbekistonda fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurganlik uchun belgilangan ma`muriy javobgarlik bekor qilinmoqda'ning rasmi

2023 yil 19 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasida “O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Muhokamada ma`lum qilinishicha, mutasaddi idoralar tomonidan O`zbekiston xalqining ko`p asrlik tarixi va madaniy an`analarini inobatga olgan holda “O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun ishlab chiqilgan.

Xususan, Qonunda milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ`ib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o`rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik, ko`p xotinli bo`lishni targ`ib qilganlik, jins bo`yicha kamsitishni targ`ib qilganlik uchun tegishli javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor inkor etganlik hamda fuqarolarni milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab kamsitganlik hamda diniy tashkilot tomonidan o`zining ustavida nazarda tutilmagan faoliyat bilan shug`ullanganlik uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.

Qonun bilan fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurganlik uchun belgilangan ma`muriy javobgarlik bekor qilinmoqda.

Muhokamalar jarayonida ushbu Qonunning qabul qilinishi natijasida jamiyatda millatlararo totuvlikni, diniy bag`rikenglikni yana-da mustahkamlashga, dunyoviy qadriyatlarni saqlab qolishga hamda xotin-qizlarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga erishilishi qayd etildi.

Yig`ilish yakunida ushbu Qonun bo`yicha ekspertlar tomonidan tayyorlangan tavsiyalar Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasiga taqdim etildi.

    Boshqa yangiliklar