AsosiyJamiyat

Toshkentda Turkiya Sog`liq bilimlari universitetining hamshiralik fakulteti ochiladi

'Toshkentda Turkiya Sog`liq bilimlari universitetining hamshiralik fakulteti ochiladi'ning rasmi

Bu yildan Toshkentda Turkiya Sog`liq bilimlari universitetining hamshiralik fakulteti faoliyatini boshlaydi. Bu haqda Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi va O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi hamkorligida o`tkazilgan davra suhbatida ma`lum qilindi. 

Ma`lum qilinishicha, 2019 yildan buyon Sog`liq bilimlari universiteti O`zbekistondagi tibbiyot institutlari va sog`liqni saqlash ilmiy markazlari bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. Universitet O`zbekistonda tibbiy ta`lim yo`lga qo`yilgan 13 ta muassasa bilan hamkorlik memorandumlarini imzolagan. Ushbu muassasalar vakillari bo`lgan 1000 ga yaqin talaba va professor-o`qituvchilar akademik mobillik dasturlari doirasida Sog`liq bilimlari universiteti qarashli shifoxonalarda amaliyot o`tash imkoniyatiga ega bo`ldilar. Bundan tashqari, har yili Turkiyada ham, O`zbekistonda ham ko`plab kongresslar, seminarlar, konferensiyalar va master klass treninglari o`tkaziladi. Sog`liq bilimlari universiteti O`zbekiston Mudofaa vazirligi bilan ham hamkorlik qiladi. 

2022 yilda Sog`liq bilimlari universiteti professor-o`qituvchilari bo`lmish turkiyalik harbiy shifokorlar Toshkentdagi harbiy gospitalda faoliyat yuritayotgan o`zbekistonlik shifokorlar uchun o`quv seminarlari tashkil etishdi, shuningdek, o`zbekistonlik hamkasblari bilan 250 ga yaqin jarrohlik amaliyotlarida ishtirok etishdi. 2023 yil 14 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonovning taklifiga binoan Sog`liq bilimlari universiteti delegasiyasi O`zbekiston harbiy tibbiyot akademiyasi jarrohlik majmuasi va O`zbekiston Qurolli Kuchlari harbiy gospitalining ochilish marosimida ishtirok etdi. 

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`anning 17.04.2019 va 24.06.2019 yildagi farmonlari bilan Buxoro davlat tibbiyot instituti bilan imzolangan o`zaro hamkorlik memorandumi doirasida Buxoro shahrida Ibn Sino nomidagi tibbiyot fakulteti va Ibn Sino ShMYo ochildi. Ayni paytda Buxoro shahridagi fakultetda jami 446 nafar, Tibbiyot fakultetida 255 nafar va kasb-hunar bilim yurtida 191 nafar talaba tahsil olmoqda. Bundan tashqari, Sog`liq Bilimlari Universiteti ning YÖS komissiyasi 1-kursga qabul qilinadigan talabalarning imtixon jarayonlarini tashkillashtirmoqda. 2022 va 2023 yillarda O`zbekiston sog`liqni saqlash tizimida mehnat qilayotgan talabalardan 130 nafari “Anesteziologiya”, “Birinchi va shoshilinch tibbiy yordam” va “Fizioterapiya” yo`nalishlarini tamomladi. Har yili Sog`liq Bilimlari Universitetida ishlaydigan 100 ga yaqin o`qituvchi asosiy va klinik fanlardan dars berish uchun O`zbekistonga keladi. Bundan tashqari xar yili Buxorodagi bo`limlarimizda tahsil olayotgan talabalar Sog`liq Bilimlari Universitetiga qarashli shifoxonalarda uzoq muddatli yozgi amaliyot o`tash imkoniyatiga ega bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar