20 sentyabr kuni tunda Parkent tumanining tog`li qishloqlaridan biri bo`lgan "So`qoq" qishlog`ining "Tosar" hududidagi "So`qoq Laziz Soli" fermer xo`jaligi er maydonlariga Tyan-Shan qo`ng`ir ayig`i kelib qoldi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi xabar berdi.
Vazirlik xabarida ta`kidlanishicha, 2022 yil qish sovuqroq kelganligi sababli tog`li hududlardagi ayrim mevali daraxt va butalarni sovuq urib, hosil juda kamayib ketgan. Natijada ayiq ozuqa izlab, aholi yashash punktiga tushib kelgan va fermer xo`jaligiga tegishli bo`lgan 14 bosh qo`ydan 2 tasini olib ketgan. Bir bosh qo`y yarador qilingan.
Ekologiya boshqarmasi xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan ushbu hududda dala shiyponlarida yashovchi 4 ta oila 30 dan ortiq qora mol, qo`y va echkilari bilan birga o`zlarining yashash xonadonlariga ko`chirib yuborildi.
Qayd etilishicha, 21 sentyabrdan boshlab ayiq tushib kelgan hudud mas`ullar tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda. Hozircha hech qanday ayiq yoki boshqa yovvoyi hayvonlar kuzatilmagan.