Bugun, 28 sentyabr kuni Toshkent shahar Sergeli tumani "Quruvchilar" dahasida joylashgan bojxona omborxonasida kuchli chaqnash oqibatida yong`in sodir bo`lgani haqida xabar bergan edik.
Hodisa oqibatida jarohat olganlarga tez tibbiy yordam ko`rsatilayotgani haqida Sog`liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Ushbu yong`in oqibatida jarohatlanganlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Toshkent viloyat filialiga olib kelingan.
"Hozirga qadar ular orasida o`ta og`ir tan jarohati olganlar yo`q. Ayni paytda shifokorlar tomonidan jabrlanganlarga barcha kerakli tibbiy yordam ko`rsatilmoqda", - deyiladi SSV xabarida.
Davolash muassasalarida tezkor tibbiy yordam ko`rsatish uchun shifokorlarimiz va barcha zarur dori-darmon zaxirasi yaratilgan. Yong`in oqibatida voqea joyi va uning atrofidagi xonadonlarda jarohatlanganlarga ham shoshilinch tibbiy yordam ko`rsatilmoqda.
Hodisa yuzasidan qo`shimcha ma`lumot taqdim etiladi.






